Cho‘kayotgan ayolni qutqarmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi

3-sahifa

image

Toshkent shahri Xotira xiyoboni yonidagi “Bo‘zsuv” kanaliga o‘zini tashlagan ayolni qutqarishga uringan Milliy gvardiya xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Milliy gvardiya matbuot kotibi Davron Jumanazarov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari “Bo‘zsuv” kanalida suv oqimi bo‘ylab oqib ketayotgan ayolni ko‘rib qolgan. Harbiy xizmatchilardan biri fuqaroning hayotini saqlab qolish maqsadida zudlik bilan suvga tushib, uni qutqarish choralarini ko‘rgan. Biroq kanaldagi kuchli suv oqimi tufayli fuqaroni qutqarishning imkoni bo‘lmagan va u suvga cho‘kib ketgan. Harbiy xizmatchi esa kuchli suv oqimi va girdob ta’sirida qolib halok bo‘lgan.

O‘zini suvga tashlagan ayol shu kunning o‘zida mutaxassislar tomonidan qidirib topilgan va uning jasadi yaqinlariga topshirilgan. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining jasadi esa tegishli qutqaruv xizmatlari hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan qidiruv-qutqaruv tadbirlari natijasida topilgan.

Surishtiruvlar natijasida Milliy gvardiya xodimi 2005 yilda tug‘ilgan yigit ekani va tez orada uning to‘yi bo‘lishi kutilgani ma’lum bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi “Bo‘zsuv” kanalida oqib ketayotgan erkak qutqaruvchilar tomonidan qutqarib qolingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing