Bugundan AQSH vizasi talabgorlarining tarmoqdagi sahifalari tekshiriladi 

Olam

image

Endilikda F, M yoki J noimmigratsion vizasiga murojaat etuvchi barcha shaxslarning barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini “ommaviy” holatga o‘tkazishlari so‘raladi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, bu AQSH qonunchiligiga muvofiq ravishda, talabgorlarning shaxsini va Qo‘shma Shtatlarga kirish huquqini aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvni osonlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

“Biz viza murojaatlarini tekshirish va saralash jarayonida AQSH hududiga kirishi mumkin bo‘lmagan, jumladan, AQSH milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslarni aniqlash uchun barcha mavjud ma’lumotdan foydalanamiz”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, 2019 yildan beri Amerika Qo‘shma Shtatlari viza murojaatchilaridan immigratsion va noimmigratsion vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan formalarida ijtimoiy tarmoq identifikatorlarini ko‘rsatishlarini talab etadi.

Vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan DS-160 formasida murojaatchilar so‘nggi 5 yil mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda foydalangan barcha ismlar va taxalluslarini kiritishi talab etiladi. Formani imzolab yuborishdan avval murojaatchilar to‘ldirilgan DS-160 formadagi barcha ma’lumot to‘g‘ri va haqqoniy ekanini tasdiqlashlari zarur. Ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq ma’lumotni kiritmaslik viza murojaati bo‘yicha rad javobi berilishiga hamda kelgusida viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin.

Ushbu talab bugun, 21 iyundan e’tiboran kuchga kirgan.

Ma’lumot uchun, AQSHning F turdagi vizasi – bu talabalar uchun mo‘ljallangan viza turi bo‘lib, AQSHdagi akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv muassasalarda to‘liq kunduzgi (full-time) o‘qishni rejalashtirgan xorijiy talabalar uchun beriladi. M vizasi esa bu kasbiy (professional yoki texnik) ta’lim dasturlarida o‘qishni rejalashtirgan talabalar uchun mo‘ljallangan viza turi hisoblanadi. J vizasi – bu almashinuv dasturlarida ishtirok etuvchilar uchun mo‘ljallangan J-1 Exchange Visitor vizasi bo‘lib, turli sohalarda tajriba orttirish, tadqiqot o‘tkazish, malaka oshirish yoki madaniy almashinuvda ishtirok etish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH vizasiga da’vogar ayrim shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirishni va agar ular AQSH yoki Isroilni tanqid qilgan bo‘lsa, mamlakatga kirishini taqiqlash choralarini ko‘rishni buyurgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing