Bugun o‘zbekistonliklar to‘liq Oy tutilishini kuzatishi mumkin

Bu qiziq

image

Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida to‘liq Oy tutilishini kuzatish mumkin. Bu haqda O‘zbekiston fanlar akademiyasi xabar berdi. 

Akademiyaga ko‘ra, ushbu tutilish to‘liq Oy tutilishi hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida Oy yuzasi 100 foiz Yer soyasida bo‘ladi. Oy tutilishining to‘liq fazasi 1 soat 22 daqiqa davom etib, tutilishning umumiy davomiyligi esa 3 soatdan ortiqroq vaqt davom etadi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu astronomik hodisaning to‘liq fazasini Yevropa, Osiyo, Afrika, Avstraliya qit’alarining ma’lum bir qismida kuzatish mumkin. Jumladan, Yevroosiyo materigida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Armaniston, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Yaman, Somali, Madagaskar, Pokiston, Nepal, Hindiston, Shri-Lanka, Xitoy, Mo‘g‘iliston, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya, Bangladesh, Myanma, Tailand, Vetnam, Laos, Malayziya davlatlar hududida yashovchi barcha aholi to‘liq Oy tutilishini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, Rossiyaning markaziy hududlari, Ozarbayjon, Turkiya, Iroq, Saudiya Arabistoni, Afrika qit’asining sharqidagi bir necha davlatlar va Yaponiya, Avstraliyaning G‘arbiy viloyatlari, Indoneziyaning G‘arbiy orollaridagi aholida ham to‘liq Oy tutilishini kuzatish imkoni mavjud. Butun Yevropa davlatlari, Afrika qit’asining sharqidagi davlatlar, Rossiyaning g‘arbiy va sharqiy viloyatlari, Yaponiyaning shimoli-sharqiy viloyatlari, Filippin orollari, Gavayi orollari, Fidji orollari, Avstraliyaning Sharqiy viloyatlari va Yangi Zelandiya davlati aholisi esa geografik joylashuviga mos ravishda turli darajadagi qisman Oy tutilishini kuzatishi mumkin. 

“Ushbu Oy tutilishining to‘liq va qisman fazalari to‘q pushti va och pushti ranglarda dunyoning siyosiy-geografik xaritasida tasvirlangan”, deyiladi xabarda. 

Ushbu astronomik hodisa O‘zbekistonda 7 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:27 da qisman Oy tutilishi, soat 22:30 da esa to‘liq Oy tutilishi boshlanadi. To‘liq fazali Oy tutilishi 1 soat 22 daqiqa davom etadi, soat 23:11 da to‘liq fazali Oy tutilishi maksimum fazasiga yetadi, soat 23:52 da esa to‘liq fazali tutilish tugaydi, 8 sentyabr soat 00:56 da qisman Oy tutilishi ham tugaydi. Oy tutilishi umumiy 5 soat 26 daqiqa davom etadi. Oy tutilishi boshlanganda Toshkent shahrida Oyning ufqdan (gorizontdan) balanligi 27 darajani tashkil etadi, tutilishning maksimal fazasida ushbu qiymat 39 darajani, tutilish tamomlanish arafasida ushbu qiymat 41 darajani tashkil etadi.

“Oy tutilishini kuzatish uchun maxsus jihozlar talab qilinmaydi va oddiy (qurollanmagan) ko‘z bilan kuzatish mumkin. Oy tutilishi qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rish xavfsiz”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Oy tutilishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing