Bugun Husanov va “Manchester Siti” “Tottenxem” mehmoni bo‘ladi
Sport
−
26 fevral
8967Toshkent vaqti bilan 27 fevral 00:30 da Angliya Premer ligasi 27-turidan o‘rin olgan markaziy bahsda Londonning “Tottenxem”i o‘z uyida “Manchester Siti”ni qabul qiladi. Bu Gvardiola shogirdlarining qiyin deya qaralgan fevral oyi taqvimidagi so‘nggi o‘yin.
O‘yinning muhimlik darajasi
O‘tgan turda o‘z uyida “Liverpul”dan 2 ta tarsaki qabul qilib olgan “Manchester Siti” Toshkent vaqti bilan 27 fevral 00:30 da Londonda “Tottenxem” mehmoni bo‘ladi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba Gvardiola shogirdlariga APL turnir jadvalidagi 4-o‘rnini qaytarib berishi mumkin. Chunki kecha, 25 fevral kuni “Chelsi” o‘z uyida “Saytgempton”ni qabul qilib, 4:0 hisobida mag‘lub etdi va 46 ochko jamg‘arib, 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ayni paytga kelib, “Manchester Siti” turnir jadvalida 44 ochko to‘plab, 5-o‘rinda bormoqda.
“Tottenxem” esa APL turnir jadvalida 27-turga qadar 33 ochko jamg‘argan holda 13-o‘ringa joylashgan. Hozirda londonliklarda vaziyat birmuncha og‘ir. Jamoa tarkibidagi bir nechta muhim yo‘qotishlar natijaga salbiy ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Klub murabbiyi Anje Postekoglu shuncha muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin ham murabbiylik kursisidan siljitilmadi. Balki “Manchester Siti”ga qarshi o‘yin u uchun so‘nggi imkoniyatdir.
Husanovning asosiy tarkibda tushish ehtimoli
Qishki transferlar oynasida “Manchester Siti” safiga kelib qo‘shilgan va qisqa muddat ichida Gvardiola va klub muxlislarining ishonchini qozonayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov Londondagi uchrashuvda ham asosiy tarkibda maydonga tushish ehtimoli katta. Sababi, himoyachi Chempionlar ligasi doirasida “Real Madrid” va APL doirasida “Liverpul”ga qarshi uchrashuvlarda yaxshi o‘yin ko‘rsatgan. Shuningdek, u “Liverpul”ga qarshi o‘yinda “Sofascore” tomonidan 7.2 ballga loyiq ko‘rildi.
Taxminiy tarkiblar
Har o‘yinda o‘zining taxminiy tarkibarini e’lon qiluvchi “One Football”, “Opta” va “Sporting News” nashrlari Londondagi bahs bo‘yicha ham o‘z taxminlarini ommaga taqdim etdi.
“One Football” talqiniga ko‘ra asosiy tarkiblar:
“Tottenxem”: Vikario, Porro, Danso, Devis, Spens, Bentankur, Bergvall, Kulusevski, Meddison, Jonson, Son.
“Manchester Siti”: Ederson, Nunes, Husanov, Ake, Gvardiol, Niko, De Bryuyne, Kovachich, Foden, Doku, Marmush.
“Opta” talqiniga ko‘ra asosiy tarkiblar:
“Tottenxem”: Vivario, Spens, Grey, Danso, Udogi, Bentankur, Bergvall, Kulusevski, Jonson, Son, Tel.
“Manchester Siti”: Ederson, Lyuis, Husanov, Diash, Gvardiol, Niko, Gyudogan, Savino, Foden, Xoland, Marmush.
“Sporting News” talqiniga ko‘ra asosiy tarkiblar:
“Tottenxem”: Vivario, Spens, Grey, Danso, Udogi, Bentankur, Bergvall, Kulusevski, Meddison, Jonson, Son.
“Manchester Siti”: Ederson, Lyuis, Husanov, Diash, Gvardiol, Niko, Kovachich, Savino, Doku, Marmush, Xoland.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning “Real Madrid” va “Liverpul”ga qarshi ko‘rsatgan o‘yini sabab, uchala nashr ham himoyachini asosiy tarkibda taxmin qilmoqda. Ammo har safargidek, asosiy tarkib bo‘yicha so‘nggi qaror murabbiy Gvardiola tomonidan chiqariladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

