“Bu sun’iy intellekt”. Valuyev Markaziy Osiyoga tahdid qilmaganini aytdi
Olam
−
11:07 13246 2 daqiqa
Avvalroq, rossiyalik sportchi, og‘ir vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Nikolay Valuyev Rossiya 30 yildan buyon sobiq sovet respublikalariga nisbatan “yumshoq siyosat” qo‘llagani, endi ularga qattiq choralar ko‘rish zarurligini aytib chiqqani aks etgan videolar tarqalgandi. Sportchi ushbu video sun’iy intellekt tomonidan tayyorlanganini ma’lum qildi.
Valuyevning so‘zlariga ko‘ra, bu video boshidan oxirigacha qayta ishlangan va internetda nafrat qo‘zg‘atish uchun tarqatilgan.
“Bu voqea sun’iy intellekt bilan bog‘liq. Aniqligi shuki, ba’zi odamlar uni ishlatib, aytilgan so‘zlarni buzish yoki undan ham yomoni, hammasini boshidan oxirigacha yaratmoqchi bo‘lishgan. Maqsad nima? Juda oddiy. Bugungi kunda internet nafaqat foydali ma’lumot manbai, balki xavf manbai ekanligi hammaga ma’lum. Videorolik shaklida taqdim etilgan ma’lumot hamisha ko‘ruvchi va tinglovchini ishontirishga mo‘ljallangan. Shu yerda sun’iy intellekt juda qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi kunda texnologiyalar yordamida insonlar ishtirokisiz filmlar suratga olinishi mumkin – bu ish, allaqachon amalga oshirilgan. Faqat farqi shundaki, endi bunday texnologiya keng ommaga ochiq”, degan sportchi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bugun sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar barcha tomonidan qo‘llanilmoqda va bu internetda yolg‘on ma’lumotlarning ko‘payishiga olib kelmoqda.
“Bugungi kunda bunday texnologiyalar butun davlatlar tomonidan qo‘llanilmoqda va doimiy ravishda takomillashmoqda. Shuning uchun oson ishonmaslik kerak. Internetga tarqalgan ma’lumotni bir necha marta o‘ylab, anglab olish va keyin tarqatish yaxshiroq. Ayniqsa, ishonchsiz manbalarga hech qachon ishonmang”, degan Valuyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Valuyevning tahdidlariga javoban o‘zbekistonlik professional sobiq bokschi Ruslan Chagayev javob qaytargandi. Chagayevning aytishicha, agar Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun bitta jang kerak bo‘lsa, sportchi bunga tayyor.
Live
Barchasi