Britaniya Rossiyaning 101 ta neft tankeriga sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
10 may 2025 3194 2 daqiqa
Buyuk Britaniya hukumati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirish va Yevropa hamda Britaniyaning hayotiy muhim infratuzilmasini himoya qilishga qaratilgan tarixdagi “eng keng ko‘lamli” sanksiyalar paketini e’lon qildi. Bu haqda Britaniya hukumatining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu sanksiyalar ostiga Rossiya neftini tashuvchi 100 ta tanker hamda yana bir Kremlga foyda keltirayotgan yoki uni qo‘llab-quvvatlayotgan deb topilgan kema kiritilgan. Qirollik hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, bu kemalar Putinning soya flotining asosiy qismini tashkil etadi va 2024 yil boshidan beri qiymati 24 milliard AQSH dollaridan ortiq yuk tashigan.
“Biz qo‘limizdan kelgan barcha chorani ko‘ramiz: uning (Putinning) soya flotining faoliyatini to‘xtatish, harbiy mashinasini neftdan tushayotgan daromaddan mahrum etish va kundalik hayotimizda tayanuvchi suvosti infratuzilmamizni himoya qilish uchun”, dedi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer.
Shuningdek, Rossiyaning “soya flotiga” aloqador 2Rivers Group (ilgari Coral Energy Group) kompaniyasi rahbariyatiga nisbatan ham sanksiyalar joriy qilingan. Sanksiya ostiga tushganlar orasida Ozarbayjon fuqarolari Tohir Garayev, Ahmad Karimov, Anar Madatli, Talat Safarov va Etibor Ayub ham bor. Yuridik shaxslar ro‘yxatiga esa “Soglasiye” sug‘urta kompaniyasi, shuningdek, Nord Axis, BX Energy va Romarine firmalari kiritilgan.
“Bugungi choralar yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, Putinning harbiy mashinasini moliyalashtirishga yordam berganlar yashirinish uchun joy topa olmaydi”, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida.
Ma’lumot uchun, 2Rivers Group kompaniyasi Rossiya bilan hamkorligi sababli 2024 yil dekabridayoq Britaniya sanksiyalari ostiga tushgan. “The Wall Street Journal”ga ko‘ra, kompaniya Rossiyadan neft mahsulotlarini tashiydigan kamida 100 tankerdan iborat “soya flotiga” egalik qilgan. Shuningdek, u “Rosneft” rahbari va Putin ittifoqchisi Igor Sechin bilan aloqadorlikda gumon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina urushini to‘xtatishga intilish belgilarini ko‘rsatmayotgan Kremlga nisbatan yangi iqtisodiy choralarni ishlab chiqqani xabar qilingan edi. Vashington tomonidan tayyorlangan sanksiyalar “Gazprom”, tabiiy resurslar bilan ishlovchi ayrim yirik kompaniyalar hamda bank sohasidagi firmalarni qamrab oladi. Biroq bu choralar Tramp tomonidan ma’qullanish-ma’qullanmasligi hali aniq emas.
Live
Barchasi