AQSH “Gazprom”ga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina urushini to‘xtatishga intilish belgilarini ko‘rsatmayotgan Kremlga nisbatan yangi iqtisodiy choralarni ishlab chiqdi. Bu haqda Oq uydagi manbalarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Vashington tomonidan tayyorlangan sanksiyalar “Gazprom”, tabiiy resurslar bilan ishlovchi ayrim yirik kompaniyalar hamda bank sohasidagi firmalarni qamrab oladi. Biroq bu choralar Tramp tomonidan ma’qullanish-ma’qullanmasligi hali aniq emas.

“Bu to‘liq uning qarori”, degan AQSH rasmiylaridan biri.

Boshqa bir manba esa sanksiya jarayonida AQSH Milliy xavfsizlik kengashi ham ishtirok etayotganini, u Rossiyaga qarshi qo‘shimcha jazolovchi choralarni muvofiqlashtirishga urinayotganini qo‘shimcha qilgan.

“Prezident boshidanoq to‘liq va keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatishga sodiqligini aniq bayon qilgan. Biz hozirgi muzokaralarning tafsilotlarini izohlamaymiz”, degan Kengash vakili Jeyms Xyuitt.

Bungacha “Bloomberg” manbalari ham Tramp jamoasi Rossiyani tinchlik muzokaralariga majburlash uchun iqtisodiy bosimni kuchaytirish bo‘yicha bir nechta ssenariy ishlab chiqqanini xabar bergan, ammo tafsilotlar keltirilmagan.

Eslatib o‘yamiz, avvalroq respublikachi senator Lindsi Grem Kreml urushni to‘xtatmasa, AQSH Senati Rossiyaga qarshi “halokatli” sanksiyalarni, jumladan Rossiya neft, gaz yoki uranini xarid qiluvchi davlatlardan AQSHga olib kiriladigan mahsulotlarga 500 foizlik boj joriy etilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp sanktsiya Gazprom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing