Britaniya Afg‘onistonga qariyb 70 million dollar ajratadigan bo‘ldi
Olam
−
31 Oktabr 2021 3080 2 daqiqa
Buyuk Britaniya Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 50 million funt sterling (69 million dollar) ajratadi. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning idorasi tarqatgan xabarda aytilgan.
Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar 2,5 million Afg‘oniston fuqarosiga oziq-ovqat, dori-darmon, boshpana qurish uchun materiallar yetkazib berish orqali yordam ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. Ayol va qizlarga yordam berishga alohida e’tibor qaratiladi. Mablag‘lar sentyabr oyida Jonson tomonidan e’lon qilingan 286 million funt sterling (390 million dollar) qutqaruv paketining bir qismi bo‘ladi. Ushbu summa BMT tashkilotlari va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) orqali yuboriladi.
“Ikki oy oldin NATO “Tolibon” xavfi ostida qolgan, ayniqsa ayollar va qizlardan iborat ko‘p sonli odamlarning hayotini saqlab qolgan ittifoq tarixidagi eng yirik evakuatsiya kampaniyasidan keyin Afg‘onistondan o‘zining so‘nggi kuchlarini olib chiqib ketdi”, deydi Jonson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi moliyalashtirish eng zaif odamlarni zudlik bilan himoya qilishni ta’minlaydi.
“Lekin Afg‘onistondagi gumanitar falokatning oldini olish va o‘tgan yigirma yil davomida erishilgan yutuqlarni saqlab qolish uchun chinakam global sa’y-harakatlar talab etiladi”, deya qo‘shimcha qildi Britaniya hukumati rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, chet davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan kelayotgan yordam to‘xtab qoldi. Bundan tashqari, minglar afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.
Shunday bir davrdan jahon hamjamiyati Afg‘onistonni bee’tibor qoldirmoqchi emas. Bunday xatoga dunyo yetakchilari avval yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatlari ayniqsa AQSHning esidan chiqmaydi. Afg‘oniston terrorchi guruhlar uyasiga aylanmasligi uchun jahon yetakchilari “Tolibon” bilan ishlamoqchi, hatto ushbu harakat BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti, deb tan olingan bo‘lsa ham.
Live
Barchasi