Braziliyaga konsert berish uchun borgan xonandani tunab ketishdi
Madaniyat-san’at
−
10 dekabr 2022
6304Braziliya bo‘ylab gastrol safarini amalga oshirayotgan britaniyalik xonanda Garri Staylzning musiqiy asboblari va kiyim-kechaklari ortilgan furgon o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Braziliya politsiyasiga asoslanib “Daily Mail” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, furgon Braziliyaning San-Paulu shahridan Kuritiba shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida uch nafar erkak uni to‘xtatgan, ulardan ikki nafarida qurol bo‘lgan. Politsiya bayonotiga ko‘ra, ular haydovchini ham olib ketgan, keyinroq haydovchi qo‘yib yuborilgan. Hozirda politsiya o‘g‘rilarning shaxsini aniqlash va transport vositasini izlab topish ustida ish olib bormoqda.
Voqea sodir bo‘lgan vaqtda xonanda va uning ijodiy guruhi a’zolari mashinada bo‘lmagan, keyinroq politsiya ofitserlari furgonda o‘g‘irlab ketilgan buyumlar gastrol davomida bo‘lib o‘tadigan konsertlarga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilgan.
Xonandaning Braziliyadagi gastroli davomida navbatdagi konsertlar bugun, 10 dekabr kuni Kuritiba, 13,14 dekabr kunlari esa San-Pauluda bo‘lib o‘tadi.
“BR-116” trassasi mamlakatdagi eng uzun magistral yo‘l bo‘lib, uning uzunligi 4542 km tashkil etadi. Ushbu yo‘lda tez-tez o‘g‘rilik va talonchiliklar sodir bo‘lishi oqibatida trassaga mahalliy aholi tomonidan “Jahannam yo‘li” deb nom berilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Garri Staylz 1994 yilning 1 fevral kuni Buyuk Britaniyaning Reddich shahrida tug‘ilgan. U 2010-2016 yillarda “One Direction” guruhida ijod qilgan bo‘lib, keyinroq yakkaxon faoliyatini boshlagan. Xonanda 2021 yilda “Grammy” mukofotini qo‘lga kiritgan. Uni Instagram orqali sal kam 50 million obunachi kuzatib boradi.
LiveBarchasi