Boliviyada pulga to‘la samolyot qulab tushdi (video)
Olam
−
10:10 8168 1 daqiqa
Boliviyada naqd pul ortilgan harbiy yuk samolyoti halokatga uchrashi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 27 fevral kuni Boliviya poytaxti La-Pas shahri yaqinida banknotalar ortilgan harbiy yuk samolyoti halokatga uchragan. Oqibatda kamida 15 kishi halok bo‘lgan. Halokat tufayli avtomagistralda 10 ga yaqin transport vositalari shikastlangan va kupyuralar yerga sochilib ketgan.
Qayd etilishicha, C-130 samolyoti sharqiy Santa-Kruz shahridan uchib o‘tib, La-Pasdagi xalqaro aeroportga qo‘nish paytida halokatga uchragan.
Boliviya havo kuchlariga tegishli samolyot markaziy bankdan boshqa shaharga yangi banknotalarni olib ketayotgan bo‘lgan.
Yong‘in xizmati boshlig‘i Pavel Tovar halok bo‘lganlar samolyotda yoki La-Pas aeroporti yaqinidagi avtomagistralda bo‘lganiga hozircha aniqlik kiritmagan.
Samolyot qoldiqlari, vayron bo‘lgan mashinalar va jasadlar yo‘lga sochilib ketgan. O‘t o‘chiruvchilar samolyotni qamrab olgan alangani o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalaridan olingan kadrlarda odamlar kupyuralarni yig‘ishga shoshilayotgani, politsiya esa ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatib yuborishga urinayotgani ko‘rsatilgan.
Mudofaa vazirligi halokatni tasdiqlagan, ammo qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada harbiy F-16 qiruvchi samolyoti avtomobil yo‘liga qulab tushgani va oqibatda uchuvchi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.