“BMT kuchli bo‘lishi lozim!” Japarov BMT minbarida keskin nutq so‘zladi 

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida sanksiyalar ayrim davlatlar tomonidan suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashish vositasi sifatida qo‘llanayotganini aytdi. Bu haqda Japarov kecha, 22 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida so‘z ochdi.

“Bugun sanksiyalar ayrim hollarda ba’zi davlatlar tomonidan suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashish vositasi sifatida qo‘llanayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz”, degan Qirg‘iziston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, asossiz bir tomonlama sanksiyalarning salbiy oqibatlari Qirg‘iziston kabi shakllanish va rivojlanish bosqichida bo‘lgan kichik davlatlarga ham ta’sir qilmoqda. Bu holat boshqa kichik davlatlarni ham tashvishga solmoqda.

Japarov ayrim hollarda bunday harakatlar mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashishga olib kelishi va xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga zid ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, ayrim yirik davlatlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, Qirg‘iziston kabi kichik davlatlarga bosim o‘tkazib, ularni ba’zi masalalar bo‘yicha murosaga borishga majburlashga urinmoqda va ultimatumlar qo‘ymoqda.

“Fursatdan foydalanib, shu munosabat bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning hokimiyatga kelganidan keyin qabul qilgan, dunyo bo‘ylab nodavlat notijorat tashkilotlarini moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi qarorini alohida ta’kidlamoqchiman. Natijada NNTlarning rivojlanayotgan davlatlarning ichki ishlari va siyosatiga aralashuvi deyarli to‘xtadi. Trampning qarorlari davlatlar suverenitetini mustahkamlash va ularning rivojlanish yo‘lini mustaqil tanlashi uchun sharoit yaratdi. Shuning uchun bugungi imkoniyatdan foydalanib, janob Trampga NNTlarni moliyalashtirishni to‘xtatgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, degan Qirg‘iziston rahbari.

Shuningdek, u sanksiya joriy etish haqidagi qarorlar BMT Nizomiga muvofiq va faqat Xavfsizlik Kengashi vakolatlari doirasida qabul qilinishi kerakligini aytgan.

“Bizdagi fikrga ko‘ra, u yoki bu davlatga qarshi sanksiya joriy etish huquqi faqat Birlashgan Millatlar Tashkilotiga berilishi kerak”, Japarov.

Uning fikricha, bu xalqaro sanksiyalar tizimini takomillashtirishning yagona yo‘li hisoblanadi. Japarov, avvalo, tashkilot tomonidan barcha sanksiya choralarini majburiy tarzda dastlabki ko‘rib chiqish mexanizmlarini joriy etish zarurligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiya tashabbuslarini oldindan ko‘rib chiqish ularning ehtimoliy gumanitar, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini hisobga olish imkonini beradi.

U taklif etayotgan mexanizmning muhim qismi shaffoflik va javobgarlikni oshirish bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.

“Sanksiya tashabbusini ilgari surayotgan davlatlar ularning huquqiy asosi, bunday choralarning zarurati, maqsadlari, shuningdek, keyinchalik bekor qilinishi mezonlari va shartlarini aniq ko‘rsatishi kerak. BMT boshchiligida sanksiyalar va ularni muntazam qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yagona xalqaro monitoring mexanizmini tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

Faqat shunda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda BMTning markaziy roli kuchayadi, uning vakolatlari kengayadi. Bundan tashqari, bir davlatning boshqa davlatga o‘zining siyosiy yoki iqtisodiy manfaatlari yo‘lida sanksiyalarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llash xavfi bartaraf etiladi.

Hech bir davlat o‘zboshimchalik bilan harakat qilmasligi kerak. BMT kuchli bo‘lishi lozim. Har bir davlat BMT sanksiya joriy qilmoqchi ekanini eshitganda larzaga tushishi kerak. Faqat shunda dunyoda qat’iy xalqaro tartib shakllanishi mumkin. Aks holda BMTning ayrim qarorlari jiddiy qabul qilinmay qo‘yadi. Davlatlar faqat o‘z xohishlariga ko‘ra harakat qila boshlaydi.

BMTning har bir qarori kechiktirmasdan ijro etilishi kerak. Agar davlat qarorni bajarmasa va boshqa mamlakatlar u bilan hamkorlikni to‘xtatsa, sanksiyalarning samaradorligi ortadi. Faqat shunday holatdagina qarorlar zudlik bilan ijro etiladi va BMT kuchli hamda nufuzli tashkilotga aylanadi.

Aks holda mavjud sanksiyalar o‘ziga xos bolalar o‘yinchog‘iga aylanib qoladi”, degan Sadir Japarov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti 81-Bosh Assambleyasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanishi, shuningdek, G‘azo – hozirgi davrning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘ini ekani ekani haqida gapirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing