BMT Qirg‘izistonni o‘lim jazosini qaytarmaslikka chaqirdi

Olam

image

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini qayta joriy etish bo‘yicha harakatlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi. Uning bu haqdagi bayonotini BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha Inson huquqlari boshqarmasi e’lon qildi.

Qirg‘iziston 1998 yilda o‘lim jazosini qo‘llashni to‘xtatgan, 2010 yilda esa Inson huquqlari va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shimcha bo‘lgan Ikkinchi fakultativ protokolni ratifikatsiya qilib, uni qonuniy tarzda bekor qilgan. Ushbu hujjat ishtirokchi davlatlarni o‘lim jazosini butunlay bekor qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga majbur qiladi.

Biroq joriy yilning sentabr oyi oxirida bir qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishidan keyin Qirg‘iziston hukumati Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritishni taklif qildi. Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘rlash, shuningdek, bola yoki kattalarni zo‘rlab o‘ldirish uchun o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat berilishi hamda mamlakatning ushbu protokoldan chiqishi ko‘zda tutilmoqda. Takliflar yaqin haftalarda referendumga qo‘yilishi, ma’qullangandan so‘ng esa parlamentga kiritilishi rejalashtirilgan.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi pakt va Ikkinchi fakultativ protokolda ularni bekor qilish mexanizmi ko‘zda tutilmaganini, demak, o‘lim jazosini bekor qilgan davlatlar uni qayta joriy eta olmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, protokolni hech qanday shartlarsiz ratifikatsiya qilgan davlatga eng og‘ir jinoyatlar uchun ham o‘lim jazosini qo‘llash taqiqlanadi.

“Rasmiylar o‘lim jazosini qaytarishga sabab qilib keltirayotgan jinoyatlar, shubhasiz, dahshatli va ular bo‘yicha adolatli sudlov bo‘lishi kerak. Ammo o‘lim jazosi og‘ir jinoyatlarning oldini olishda samarali vosita ekanini isbotlovchi dalillar mavjud emas”, deydi Tyurk.

Shuningdek, u Qirg‘iziston hukumatini o‘lim jazosini qayta joriy etish bo‘yicha takliflardan voz kechishga qat’iy chaqirishini bildirgan.

“Buning o‘rniga ular qonuniy himoya, adolatli sudlov va zararni qoplashni ta’minlashga e’tibor qaratishlari kerak. Zo‘ravonlik, jumladan, jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashda jabrlanuvchilarning manfaatlariga yo‘naltirilgan va yetarli resurslar bilan ta’minlangan yondashuv zarur”, deya qo‘shimcha qilgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari.

Eslatib o‘tamiz, bolalar va ayollarga nisbatan og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta tiklash tashabbusi bilan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov chiqqandi. Bunga 27 sentyabr kuni o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlanib o‘ldirilgan 17 yoshli Oysuluv Mukasheva fojiasi sabab bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston o'lim jazosi Fol'ker Tyurk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing