Biznesga jarima qo‘llaydigan mas’ullarning dunyoqarashi o‘zgarishi zarur – Prezident
Jamiyat
−
22 iyul 2208 3 daqiqa
O‘zbekistonda tadbirkorlarga jarima qo‘llaydigan tashkilot mas’ullarining ongi, dunyoqarashi o‘zgarishi zarur. Bu haqda kecha, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Odamlar biznesini boshlab, eksportga chiqishi uchun hamma sharoitni qilib beryapmiz. Yana nima qilsak, biznesga yangi yo‘llar ochiladi, degan savol har bir rahbarni qiynashi kerak. Masalan, hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolati bor. Endi savol tug‘iladi: qaysi rahbar jarimalarning tadbirkorlar faoliyatiga ta’sirini o‘rganayapti? Biz jarima solgan bilan, uni ishlatmasdan qolganimiz bilan nechta odam ishsiz bo‘lyapti? Qancha eksport bo‘lmayapti? Qancha ishlab chiqarish bo‘lmayapti? Jarima solgan odamlar tushunadimi buni?” deya savol qo‘ygan O‘zbekiston yetakchisi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev jarima qo‘llaydigan tashkilot mas’ullarining ongi, dunyoqarashi o‘zgarishi zarur ekanini aytib, tadbirkorga imkoniyat berib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish lozimligini bildirgan.
“Jarima qo‘llaydigan tashkilot mas’ullarining ongi, dunyoqarashi o‘zgarishi zarur. Ular birdaniga jazo qo‘llashni emas, balki tadbirkorga imkoniyat berib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi zarur. Tashqi bozorda raqobat avjiga chiqayotgan paytda tannarxni bir foizga tushirishning o‘zi bo‘ladimi? Lekin ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov va yig‘imni kamaytirish bo‘yicha kim taklif berdi? Yoki ko‘plab tadbirkorlar ayrim mahsulot va xomashyoga qo‘yilgan adolatsiz bojlar ishlab chiqarishdan ko‘ra importni rag‘batlantiryapti degan masalani ko‘taryapti. Masalan, sanoat filtri importiga boj nol foiz, uni ishlab chiqarishga ketadigan o‘n bitta xomashyoga esa o‘ttiz foizgacha boj qo‘yilgan. U hech qachon bir-ikki bo‘lmaydi-ku bunaqada” deydi Prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi bir hafta ichida tizimdagi byurokratiyani qisqartirish, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yana-da yaxshilash bo‘yicha takliflarini administratsiyaga kiritish bo‘yicha topshiriq bergan.
“Nima uchun Xadjayev, Po‘latov, Mavlonov tadbirkorlarning eksport bo‘yicha umidsiz qarzini hisobdan chiqarish masalasini tez-tez hal qilib bermaydi? Hozir uch oydan olti oygacha cho‘zilyapti. Bir oydan keyin tadbirkorlar bilan bo‘ladigan ochiq muloqotga qattiq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Barcha vazir, tarmoq rahbarlariga topshiriq: bir hafta ichida tizimidagi byurokratiyani qisqartirish, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yana-da yaxshilash bo‘yicha takliflarini administratsiyaga kiritsin, o‘zim o‘qiyman. Har bir taklifni birma-bir o‘qib chiqaman. Shunga qarab rahbarlarga bugungi siyosatimizni qanchalik tushunib yetganiga baho beraman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Live
Barchasi