Bishkekdagi SHHT sammitida 28 ta hujjat imzolandi

Olam

image

Bugun, 1 sentyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunida 28 ta hujjat imzolandi va tasdiqlandi. Bu haqda SHHT sammiti yakunlari bo‘yicha berilgan ma’lumotda keltirilgan.

Yig‘ilish Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida o‘tkazildi. Sammitning asosiy hujjati SHHT tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan qabul qilingan Bishkek deklaratsiyasi bo‘lgan. Shuningdek, tashkilot Nizomiga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Qayd etilishicha, hujjatlarning bir qismi xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan. Xususan, xavfsizlikka tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markaz hamda SHHT Narkotiklarga qarshi markazi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan.

Shuningdek, 2030 yilgacha giyohvandlikka qaramlik va sintetik narkotiklarning tarqalishiga qarshi kurashish dasturlari qabul qilingan.

SHHT davlatlari raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olgan. 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan xalqaro axborot xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik rejasi hamda mintaqaviy ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va hisoblash quvvatlarini yaratish konsepsiyasi tasdiqlangan.

Ma’lum qilinishicha, hujjatlarning alohida qismi ekologik masalalarga qaratilgan. SHHT doirasida bioxilma-xillikni saqlash va “yashil texnologik koridor”ni rivojlantirish rejalari qabul qilingan.

Transport sohasida esa 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan SHHT davlatlarining portlari va logistika markazlarini rivojlantirish rejasi tasdiqlangan.

Bundan tashqari, ishtirokchi davlatlar jinoyatchilikka qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi va sun’iy intellektni rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilishga doir hujjatlarni ham imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Chuy viloyatidagi balandligi 4050 metr bo‘lgan nomsiz tog‘ cho‘qqisiga “Shanxay hamkorlik tashkiloti cho‘qqisi” nomini berish to‘g‘risida farmon imzolagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing