Birorta bozor, do‘kon yo ovqatlanish shoxobchalari yopilmaydi – DSQ raisi (video)
Jamiyat
−
15 mart 2020
8334O‘zbek xalqi azaldan sabr-toqati, matonati bilan boshqa xalqlarga o‘rnak bo‘lgan. Og‘ir davrlar, hatto, urush yillarida ham xalqimiz har qaysi masalaga ilm-ma’rifat bilan yondashgan. Ammo, dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirus odamlarni vahimaga tushirib, do‘konlarga yopirilishga majbur qilyapti. O‘zbekiston kichik qishloq yo ovul emaski, epidemiya sabab mamlakat aholisi och qolsa.
Bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining Matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mamlakat ushbu virusni yengish uchun moddiy, tibbiy jihatdan barqaror ekani, shuningdek, tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar, oziq-ovqatlar zaxirasi yaratilgani, vahimaga hojat yo‘qligi aytildi. Shunga qaramay, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat aniqlangani haqidagi xabarlar tarqalishi bilan odamlar o‘zini do‘konlarga urdi. Go‘yoki erta yo indin narxlar oshib ketarmish.
Komissiya yig‘ilishida alohida qayd etildiki, oziq-ovqat mahsulotlarining narxi sun’iy ravishda ko‘tarilib ketmasligi uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan va bu davom ettirilmoqda. Ayni vaqtda mazkur ishlarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va Davlat soliq qo‘mitasi bosh-qosh bo‘lib turibdi. Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev mamlakatdagi vaziyat haqidagi quyidagilarni gapirdi:
“Birinchi navbatda vahimaga tushmaslik kerak. O‘tgan ikki oy davomida biror mahsulotning narxi oshdimi? Yoki narx oshishiga biror omil ta’sir qildimi? Hech qanday ta’sir bo‘lgani yo‘q. Soliq organlari, Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan birgalikda doimiy ishlaydigan maxsus shtab tuziladi va har bir bozorda vaziyat doimiy asosda nazoratga olinadi.
Shukrona qilib aytishimiz kerakki, O‘zbekiston – oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi bemalol ta’minlay oladigan mamlakat. Go‘sht mahsulotlari yo poliz mahsulotlari bo‘ladimi, hamma mahsulotlardan hech qanday muammo bo‘lmaydi.
Vahimaga tushmaslik uchun shu narsani aytmoqchimizki, Hukumat va bunga mas’ul bo‘lgan idoralar tomonidan bunday vaziyat doimiy asosda nazoratga olinmoqda. Nafaqat Toshkentda, balki hududlarda ham birorta bozor, birorta savdo do‘koni, birorta umumiy ovqatlanish shoxobchalarining yopilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bozorlarimiz to‘kin-sochin, mahsulotlarimiz yetarli”.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.