Musayev ketdi. Marmar go‘sht mashmashasi tugamadi
Tahlil
−
21:30 1697 8 daqiqa
Jinsiy quvvatni oshiruvchi dori, Marmar go‘sht, butun oilaga qimmatbaho Koreya kosmetikalari, 150 ming dollarlik tyuning qilingan mashina. Bu gaplar va ortimdagi rasmdan ham bugungi mavzu kim va nima haqida ekanini anglaganingiz aniq! Migratsiya Agentligida 2024 yilning sentyabridan beri direktorlik vazifasini bajargan Behzod Musayev lavozimidan ozod etildi. Uning faoliyati Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari, bir qator jinoyatlarda ayblangan va hatto Interpolda qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirov tomonidan keskin tanqid qilingan va juda jiddiy ayblovlar qo‘yilayotgandi. Bular haqida keyinroq. Hozircha ishdan olingan Musayev atrofida paydo bo‘layotgan yangi savollarga to‘xtalamiz.
Musayev ketdi. Qayerga?
Kecha, 3 sentyabr kuni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Davlat rahbarining tegishli qaroriga ko‘ra, Behzod Anvarovich Musayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori lavozimidan ozod etilgani haqida post e’lon qildi. Xabar soat 21:40 da rasmiy Telegram-kanalga joylangan. Prezident agentlikning yangi rahbari etib Muhsinxo‘ja Tursunxo‘jayevich Abdurahmonovni tayinladi. U 2021 yil iyul oyidan buyon O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Tanqidiy va tahliliy ruhda kechgan yig‘ilishning natijasi va xulosalari ham rol o‘ynagandir ehtimol. Chunki, sir emaski, aholining ehtiyojmand qatlamining ishi aynan migratsiya bilan ham bog‘liq.
Ko‘pchilikni bir savol qiziqtiryapti. Behzod Musayev aynan qayerga ketyapti, qaysi tashkilotga o‘tyapti? Chunki, unga qanday yangi lavozim berilayotgani ochiqlanmagan. Sobiq amaldorning karerasida turli sohalardagi vazirlik maqomi ham borligini hisobga olsak, u endi qaysi yo‘nalishda ishlashini taxmin qilish biroz qiyinroq. Har holda Musayev 2018 yil may oyida Davlat soliq qo‘mitasi rahbari, 2020 yil 14 mayda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari, 2021 yil 11 noyabrda Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan. 2022 yil 30 dekabrdan 2024 yil sentyabrgacha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri sifatida ishlagan. Rang-baranglik bor.
Qolaversa, ijtimoiy faollar va jamoatchilikda jiddiy savollar ham to‘planib qolgan. Og‘ir ayblovlar qo‘yilayotgan, tizimida korrupsion sxemalar aniqlangan Musayevga nisbatan “xizmat tekshiruvi o‘tkaziladimi?”, “Unga yana nega lavozim berilyapti?”, “Qo‘limda isbotim bor deyayotgan Aziz Toshtemirov bilan davlat idoralari bog‘landimi?” kabi so‘roqlar ko‘paygan.
Bularga javob olish uchun Bosh prokuraturaning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landik. U hozircha sobiq amaldorga nisbatan hech qanday ish ko‘rilmayotganini ma’lum qildi.
Biz yana Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham savol yo‘lladik. Sababi, Musayevga qo‘yilayotgan ayblovlar aynan korrupsiyaga oid bo‘lgani uchun. Ammo ular ham agentlik tomonidan hech qanday xizmat tekshiruvi o‘tkazilmayotganini ma’lum qildi. Bir tomonda Migratsiya agentligiga aloqador rasmiy hujjatlar, muhr bosilgan qog‘ozlar, Musayevga tegishli ekani aytilayotgan akkaunt bilan yozishmalar skrinshoti e’lon qilinayotgan bir paytda rasmiy munosabat bildirilmasligi bizni ham “iya” deyishga majbur qiladi. Demak, hozircha faqat kutamiz!
Azizbek Toshtemirov kim?
Endi Musayev mavzusi trendga chiqishiga sabab bo‘lgan shaxsiyat egasi haqida gaplashsak. 35 yoshli Azizbek Toshtemirov Andijon viloyatida tug‘ilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan va firibgarlikda gumon qilinib, xalqaro qidiruvga berilgan.
(1).png)
Unga qo‘yilgan ayblovlarning qisqa mazmunini aytaman. Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda yordam bergan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar bo‘lgan.
Bu voqeadan biroz avval esa Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangandi. Ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingan.
(57).png.jpg)
Azizbek Toshtemirovning o‘zi bu ayblovlarni butkul rad etib, har qanday qonunbuzarlik va korrupsiya boshida agentlikning amaldagi rahbari Behzod Musayev turganini iddao qilgan hamda “Koreya 24 soat” deb nomlangan Telegram-kanalida bu haqda ma’lumotlarni joylay boshlagan.
Joriy yilning 17 iyun kuni e’lon qilgan postiga ko‘ra, u Koreyada ishlayotgan paytida undan Behzod Musayev uchun har ikki haftada 10 kilogrammdan qimmatbaho vagyu go‘shti yuborib turish talab qilingan. U gapiga isbot sifatida Migratsiya agentligining rahbari Behzod Musayevga tegishli ekani aytilgan audioni ilova qilgan.
“Mana bu sumkangni olib ket, ketishingdan oldin. Ichini to‘ldirib “mramorniy go‘sht olib kelasan” deyilgan audioda.
U nazarda tutilgan sumkaning rasmini ham telegram kanaliga joylagan.
Qolaversa, Azizbek Toshtemirov tez-tez spirtli ichimliklar, kosmetika mahsulotlari va hatto “Please” (erkaklik quvvatini oshiruvchi vosita) dorisini yuborish so‘ralgani aks etgan skrinshotlarni ham e’lon qilgan.
“B. Musayev soliqchi bo‘lgan-ku, soliq solish qonida bor. Mening bo‘ynimga solingan soliqlar ham kundan-kunga ortib bordi. Men topgan oyligimga Musayev va uning oilasi uchun eng qimmatbaho koreys kosmetikalaridan tortib, tish pasta-yu, hatto vlajniy salfetkagacha yuborishim kerak edi”, deb yozadi Azizbek Toshtemirov.
Sobiq xodim go‘sht mahsulotlarini “Premium” do‘konlardan sotib olingani, ba’zan u bunday mahsulotlarga maoshi yetmay boshqa xodimlar bilan pul yig‘ishga majbur bo‘lganini ham yozgan.
Azizbek Toshtemirov “4-Fakt” sifatida kanaliga joylagan postida Koreyadan maxsus tyuning qilingan Hyundai Palisade avtomobilini yuborish talab qilinganini yozdi.
“Talablar borgan sari oshib bordi. Bir kuni Musayev mashinada o‘tirsa, beli og‘rib qolayotganini aytib, Koreyadan maxsus yotib ketishga mo‘ljallangan divanga ega Hyundai Palisade mashinasini yuborishimni buyurdi. Mashinani izladik, topdik, ammo to‘lovga kelganda “o‘zing amalla” degan javobni oldim”, deb yozadi Toshtemirov.
Toshtemirov bunday pul yo‘qligini aytganida, Musayev unga vakolatxona uchun mablag‘ so‘rab rasmiy xat yozishni buyurgani ham keltirib o‘tgan.
“Menda buncha pul yo‘qligini aytganimda, vakolatxona uchun mablag‘ so‘rab rasmiy xat yozishimni buyurdi. “Byudjetda 150,000 $ pul bor, senga yuboraman, yechib olib, mashinani menga yuborasan”, deb aytdi. Soliq va turli vazir lavozimlarida ishlaganligi uchun davlat pulini qanday obnal qilishni yaxshi biladi axir janob Musayev!”, deb yozgan sobiq agentlik xodimi.
Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi. Azizbek Toshtemirovning iddao qilishicha, bu jinoyatga ham Musayev aloqador.
“Ayni paytda Koreyaga ishlash uchun ketgan fuqarolarning kim orqali, qancha pul evaziga ketganligi tekshirilmoqdami? Xo‘sh, nima sababdan B. Musayevning shaxsan topshirig‘i ortidan Koreyaga ketganlar bilan hech kim qiziqmayapti? Bunday topshiriqlarning son-sanog‘i yo‘q. Qay biridan qanchadan olgan noma’lum, lekin hoynahoy $90 mln Musayevning uyidan chiqsa ajabmas”, deb yozgan u.
Mazkur xabarlar omma orasida turli shubhalarni uyg‘otgandan so‘ng, 20 iyun kuni va nihoyat Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy Qalampir.uz’ga munosabat bildirgandi.
Agentlikning matbuot kotibi Gulruh To‘layeva Azizbek Toshtemirovning skrinshot, audio va rasmlar bilan iddao qilayotgan gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va bir tomonlama talqin qilinganini aytgan edi.
“Behzod Musayevning bu narsalarga umuman aloqasi yo‘q deb bemalol ayta olaman. Bu suhbat jarayoni, kontekstlar kesilgan bo‘lishi mumkin. Bu borada huquq-tartibot organlari tomonidan hali yakuniy ekspertiza xulosasi e’lon qilingani yo‘q. U yerda aslida qanday suhbat bo‘lgan, kimlar gaplashgan – bunga faqat rasmiy ekspertiza baho berishi maqsadga muvofiq” degan edi Gulruh To‘layeva.
Bu orada esa joriy yil 23 iyul kuni Interpol saytida izlanish olib bordik va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining sobiq xodimi – Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirovning nomi xalqaro qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lganini aniqladik.
(1).jpg)
(1).png)
(1).png)
Ha, sirlilik darajasi oshib boryapti. Toshtemirov hozirgacha jiddiy ayblovlarning yangilarini e’lon qilib, qo‘limda faktim bor deyapti. U 3 sentyabr kuni tunda joylagan postida Musayevni javobgarlikka tortish kerakligini yana bir bor yozdi.
“Menda hali mavzular tugamadi! Musayevni boshqa ishga o‘tkazishdan oldin qonun oldida javobgarlikka tortish lozim. Bunaqa rahbarlar qilgan jinoyatlari uchun javob berishdan osonlikcha qochib, qutulmasligi kerak”, deb yozdi Azizbek Toshtemirov.
Toshtemirov oradan bir qancha vaqt o‘tdi hamki, biror rasmiy idora – na Bosh prokuratura, na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va na Ichki ishlar Toshtemirovning ayblovlari yuzasidan qanday tekshiruv olib borilayotgani, natijalar qachon ma’lum bo‘lishiga oydinlik kiritmadi. Ehtimol Toshtemirov tuhmat qilayotgandir, balki uning gaplari rostdir. Afsuski aniq hech narsa deya olmaymiz. Rasmiy munosabat bildirilmas ekan, shubhali savollar ko‘payaveradi.
Matbuot va jamoatchilik kutayotgan eng muhim narsa – bu shunchaki bir amaldorning boshqa kresloga o‘tib olishi yoki shov-shuvli ayblovlarning vaqt o‘tishi bilan unutilib ketishi emas. Gap minglab migrant maqomidagi o‘zbekistonliklarning taqdiri, xorijdagi haq-huquqi hamda davlat idoralariga bo‘lgan ishonch ustida bormoqda. Agarda bunday jiddiy iddaolar, millionlab dollarlik korrupsion sxemalar va xalqaro miqyosdagi mojarolar javobsiz qolsa, bu nafaqat tizimdagi illatlarni yashiradi, balki ochiqlik prinsiplariga ham soya soladi. Shunday ekan, masalaga shunchaki kadrlar almashinuvi deb emas, balki qonun ustuvorligi nuqtai nazaridan yondashilib, barcha savollarga nuqta qo‘yilishi shart. Chunki jamoatchilik sukutni emas, adolatli va ochiq haqiqatni kutmoqda.
Live
Barchasi