“Binolarni vayron qilmasin”. Tramp Netanyaxuni Livanga aniq zarba berishga chaqirdi
Olam
−
30 aprel 2695 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Livanga zarbalar bo‘yicha tavsiya berdi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp Netanyaxuni Livanga faqat “aniq nishonli” zarbalar berishga chaqirgan. Aks holda, uning fikricha, Isroil “o‘zini yomon ko‘rsatib qo‘yadi”.
“Men Netanyaxuga aytdim: u aniqroq harakat qilishi kerak. Binolarni vayron qilmasin. Buni qilish mumkin emas. Bu juda dahshatli va Isroilni yomon otliqqa chiqaradi”, degan Tramp.
U Livan va uning rahbariyatiga ijobiy munosabatda ekanini ta’kidlagan. AQSH Prezidenti, shuningdek, Tehronga qarshi operatsiya yakunlangach, Livan “yana tiklanishi” mumkin deb hisoblaydi.
“Eron Livanni vayron qildi. Ularning qo‘g‘irchog‘i – “Hizbulloh” Livanni vayron qildi. Eron mag‘lub bo‘lsa, “Hizbulloh” ham avtomatik tarzda mag‘lub bo‘ladi”, degan Tramp.
AQSH rasmiylaridan biri nashrga ma’lum qilishicha, Tramp ma’muriyati Isroildan “o‘zini tiyishni” va Livan bilan yangi diplomatik jarayonga imkon berishni so‘ragan. Vashington Livan Qurolli kuchlariga qisqa muddat ichida muammolarni yengib o‘tishda yordam berish yo‘llarini izlamoqda.
25 aprel kuni Binyamin Netanyaxu armiyaga Livandagi “Hizbulloh” nishonlariga kuchli zarbalar berish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Bu qaror guruhning Isroil shimoli va Livan janubida joylashgan qo‘shinlarga raketa hamda dronlar bilan hujum qilganidan so‘ng qabul qilingan.
24 aprel kuni esa Tramp Isroil va Livan o‘rtasidagi otashkesim Vashingtonda o‘tgan “juda yaxshi” muzokaralardan so‘ng uch haftaga uzaytirilishini e’lon qilgan. Shu kuni Isroil Mudofaa armiyasi “Hizbulloh” tomonidan uchirilgan raketalar tutib qolinganini ma’lum qilgan.
Mazkur otashkesimdan oldin Vashingtonda so‘nggi 34 yil ichidagi ilk bor Isroil va Livan vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan. Unda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etgan. Tomonlar muloqotni davom ettirishga kelishib olgan.
Live
Barchasi