Berdimuhamedov korteji sabab homilador ayol vafot etdi
Olam
−
22 Oktabr 24613 2 daqiqa
Joriy yilning 15 oktyabr kuni Lebap viloyatining Turkmanobod shahrida xavfsizlik kuchlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov korteji sabab yo‘llar to‘sib qo‘yilgani ortidan yetti oylik homilador ayol shifoxonaga kirolmay vafot etdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
O‘sha kuni Berdimuhamedov Turkmanoboddagi Saparmurod Niyozov nomidagi kimyo zavodida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish majmuasining poydevorini qo‘yish marosimida ishtirok etgan. Shu munosabat bilan, shahardagi ko‘cha va yo‘llar yopilgan, xavfsizlik va militsiya xodimlari bir necha soat davomida transport va piyodalar harakatini cheklagan.
Ayolning eri uni shifoxonaga olib ketayotgan edi, biroq ularni yo‘lda xavfsizlik kuchlari to‘xtatib, o‘tishga ruxsat bermagan. Nashrning yozishicha, erkak xavfsizlik kuchlariga tiz cho‘kib yolvorgan, ular esa xiyobonlar orqali tuman tibbiyot birlashmasiga borishni aytgan. Voqea tafsilotlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan tibbiyot xodimining aytishicha, ayol erining qo‘lida halok bo‘lgan. Ular shifoxonaga yetib borishganida shifokorlar boshqa hech narsa qila olmasliklarini aytishgan.
“Uning eri tez yordam mashinasi yetib bora olmagani va yo‘ldagi xavfsizlik xizmati xodimlari o‘tkazib yubormagani uchun ayolni mashinasida olib keldi. Turkmanobodlik ayol o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsata olmagan va tug‘ilmagan bolasi bilan birga erining qo‘lida vafot etgan”, degan tibbiyot xodimi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik xodimlari erkakning oldiga borib, ayolining Prezident korteji sabab vafot etganini sir saqlashni talab qilgan. Mahalliy aholining xabar berishicha, oilaning uyi xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘riqlanmoqda, erkakning o‘ziga esa tahdidlar bo‘lgan.
Shifoxona xodimlarining xabar berishicha, Prezident tashrifi kuni hatto tez yordam mashinalari ham harakatlana olmagan.
Marhumning turmush o‘rtog‘i Prezident Berdimuhamedovga shikoyat qilib, adolat izlashini, shuningdek, voqea haqida OAV va BMTga xabar berishini aytgan. O‘shandan beri xavfsizlik kuchlari ham uning uyiga borib, unga: “O‘g‘lingning kelajagi va sog‘lig‘i haqida qayg‘ur” degan.
Turkmaniston rasmiylari voqea yuzasidan izoh bermagan. Mahalliy OAV ham hodisa to‘g‘risida xabar bermadi.
Live
Barchasi