BBC rahbarlari Trampning nutqi soxtalashtirilgani sabab iste’foga chiqdi

Olam

image

BBC bosh direktori Tim Deyvi va BBC News rahbari Debora Terness AQSH Prezidenti Donald Trampning tahrirlangan nutqi bilan bog‘liq mojaro sabab iste’foga chiqdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

“BBC mukammal emas va biz doimo ochiq, shaffof va mas’uliyatli bo‘lishimiz kerak. Bu yagona sabab bo‘lmasada, BBC News atrofidagi hozirgi muhokamalar qarorimga ta’sir qildi. BBC umuman olganda yaxshi ishladi, lekin ayrim xatolar bo‘ldi va bosh direktor sifatida yakuniy javobgarlik mening zimmamda”, degan Deyvi maktubida.

Unga ko‘ra, u boshqaruv kengashi bilan iste’foga chiqish muddatlarini kelishib, yaqin oylarda lavozimni yangi rahbarga tartibli topshirishni ta’minlaydi.

“Panorama dasturida Tramp haqidagi voqea BBC’ga zarar yetkazadigan darajaga yetdi. Ha, xatolar bo‘lgan, ammo BBC News tashkilot sifatida tarafkashlik qilgan degan ayblovlar yolg‘on”, deya qo‘shimcha qilgan Debora Terness ham. 

Tim Deyvi 2020 yil sentyabrida BBC bosh direktori bo‘lgan. Bungacha u yetti yil davomida korporatsiyaning tijorat bo‘limi – BBC Studios’ni boshqargan. Umumiy hisobda u BBC’da 20 yil ishlagan.

Debora Terness 2022 yildan beri BBC News’ni boshqargan. U butun dunyo bo‘ylab 500 million tomoshabinga 40 dan ortiq tilda yangiliklar tayyorlaydigan 5 mingdan ortiq xodim ishlaydigan jamoaga rahbarlik qilgan.

BBC raisi Samir Shax ham ushbu voqealarga o‘z munosabatini bildirgan. 

“Bu BBC uchun qayg‘uli kun. Tim so‘nggi besh yil davomida ajoyib bosh direktor bo‘ldi. U BBC’ni qat’iyat, maqsad va uzoqni ko‘ra bilish bilan boshqardi”, degan Shax.

U kengash Timni qo‘llab kelgani, ammo unga nisbatan kuchli bosim bo‘lgani va bu qaror sabablari tushunarli ekanini qo‘shimcha qilgan.

Tramp esa ijtimoiy tarmoqda qoldirgan postida sobiq BBC vakillarini “insofsizlar” deya atagan. 
“Hammaning iste’foga chiqayotganini ko‘ryapsizlar, chunki ular mening juda yaxshi nutqimni buzib ko‘rsatdi. Bu saylovlarga aralashmoqchi bo‘lgan juda insofsiz odamlar. Eng yomoni, ular eng yaqin ittifoqchilarimizdan deb hisoblanadigan mamlakatdan!” degan Oq uy rahbari. 

Iste’foga sabab bo‘lgan mojaro “The Telegraph” gazetasining maqolasidan keyin yuzaga kelgan. Gazeta BBC Panorama dasturi “Tramp: Ikkinchi imkoniyat?” filmida Trampning nutqi tahrirlangani, ikki alohida parcha ketma-ket kadr sifatida montaj qilingani sababli u tartibsizliklarni qo‘llab-quvvatlagandek ko‘ringanini ta’kidlagan. Bu haqda BBC’ning tahririy standartlar bo‘yicha sobiq maslahatchisi Maykl Preskott tomonidan yozilgan ichki xatga tayanilgan.

Britaniya Madaniyat vaziri Liza Nendi ham bu vaziyatni “juda jiddiy” deb atagan va BBC’ga nisbatan boshqa ayblovlar ham borligini, eng og‘iri – “BBC murakkab mavzularni yoritishda tizimli tarafkashlikka ega” degan fikr ekanini aytgan.

Parlament quyi palatasining madaniyat, media va sport qo‘mitasi BBC raisidan vaziyat bo‘yicha izoh so‘rab rasmiy maktub yo‘llagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp BBC Tim Deyvi Debora Terness

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing