Baxmalda yupun kiyingan o‘quvchilar sovuqda tashqariga turg‘izib qo‘yildi
Jamiyat
−
24 noyabr 2020
8126Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 43-umumta’lim maktabi o‘quvchilari “Yangi O‘zbekiston - Yangicha dunyoqarash” targ‘ibot tadbiri ishtirokchilarini kutib olish uchun yupun kiyimda hovliga bayroq ko‘tarishga olib chiqilgani aks etgan surat tarqalgandi.
Surat jiddiy muhokama va noroziliklarga sabab bo‘lgach, maktab direktori va uning o‘rinbosari ishdan olindi.
Bu hodisadan ko‘p o‘tmay, Jizzaxda ham mahalliy rahbarlar yosh qizchalarni yengil kiyimda qahraton sovuqda tashqariga olib chiqib, jonli dekoratsiya qilgani ma’lum bo‘ldi.
Baxmal tumanida Axborot kutubxona markazida yosh qizlar atlas ko‘ylaklarda qo‘lida non bilan tashqarida turg‘azib qo‘yilgan. Atrofda esa qish manzarasi, yerni qor qoplagan.
Qizig‘i, doimgidek tadbirga kelayotgan rahbarlar va umuman barcha yoshi kattalar qalin kiyimlarini kiyib, boshida telpagini bostirib olgan.
Tuman hokimligi xabariga ko‘ra, axborot-kutubxona markazi joriy yil davomida 1602 nomdagi 10427 nusxada badiiy adabiyotlar va darsliklar bilan boyitilgan.
Tadbirga chaqirilgan qizlar qaysi maktab o‘quvchilari, ularni kimning “iltimosi” bilan kim olib kelgani haqida ma’lumotlar berilmagan.
LiveBarchasi