“Avtoterror”: 12 ball “ishlab olgan” haydovchilar keskin ko‘paydi
Jamiyat
−
13 iyul 5330 2 daqiqa
O‘zbekistonda 671 nafar haydovchi 12 balldan yuqori jarima ballini to‘pladi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 aprelidan jarima ballari tizimi joriy etilganidan beri, jami 399 269 ta fuqaroga nisbatan ma’muriy ogohlantirish chorasi qo‘llanilgan. Ma’muriy ogohlantirish transport vositasidan foydalanish qoidalarini buzish, avtomobilni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish, monitor yoki displey orqali teleko‘rsatuv tomosha qilish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilmaslik, shuningdek, piyodalar va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarida qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, ma’muriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida faqat bir marta qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan kamida 6 oy muddatga mahrum etiladi.
Joriy yilning 8 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jarima ballari 12 taga yetgan haydovchilar soni 49 nafar edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 iyundan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12-moddasi asosida yozilgan bayonnomalarga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan esa qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan 4 turdagi qoidabuzarlik, ya’ni svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi yo‘lagida harakatlanish va tezlik qoidalariga amal qilmaslik kabi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishi belgilangan.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul