Asad rejimi ostidagi qamoqda 1000 dan ortiq suriyalik halok bo‘ldi
Olam
−
27 fevral 5157 2 daqiqa
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadning hukmronlik yillaridagi qatllar, qiynoqlar va shafqatsizliklar oqibatida Damashq tashqarisidagi Al Mazzeh harbiy aerodromida bo‘lgan hibsdagi mingdan ortiq Suriya fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda AQSHda joylashgan Suriya adolat va javobgarlik markazi (SJAC) inson huquqlari tashkilotiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
SJAC rasmiylari Asad hokimiyat tepasida bo‘lgan yillarda sudsiz qotilliklarda o‘ldirilgan odamlarning dafn etilgani gumon qilingan yettita joyni aniqladi.
Xabarda aytilishicha, Mezzeh harbiy aerodromi Bashar Asad hukumati tomonidan mahbuslarni saqlash uchun foydalanilgan. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, 2011-2017 yillar mobaynida u kamida 29 ming mahbusni ushlab turgan.
Hisobotda hujjatlar tahlili, guvohlarning bayonotlari va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari natijasida olingan ma’lumotlar taqdim etilgan. Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, ular 2011-2017 yillar oralig‘ida halok bo‘lgan jami 1154 mahbus ro‘yxatini ko‘rsatgan Harbiy-havo kuchlari razvedka ma’lumotlarini tahlil qilgan.
Bundan tashqari, tadqiqot guruhi omon qolgan 156 kishi va Suriya Xavfsizlik xizmatining sakkiz sobiq xodimi bilan suhbatlashgan, ularning vazifasi rejim muxoliflarini kuzatish va ta’qib qilish edi. SJAC ma’lumotlariga ko‘ra, tadqiqotda qatnashgan barcha tirik qolganlar qamoqda o‘tirgan yillarida qiynoqqa solingan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib, ommaviy qabrlar mavjudligini mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan, biroq SJAC tomonidan aniqlangan ko‘plab saytlarning suratlarida yerning vayron bo‘lish belgilarini ko‘rish imkoniyati tug‘ilgan.
Agentlikka ko‘ra, ikki joyda – Mezzeh aeroporti va Naja qabristonida – SJAC guvohlarining ko‘rsatmalariga mos keladigan davrlarda qazilgan uzun xandaqlarning aniq izlari borligi yozilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya poytaxti Damashq yaqinida sobiq prezident Bashar Asad hukumati tomonidan o‘ldirilgan kamida 100 ming kishining jasadi bo‘lgan ommaviy qabr topilgandi.