“Arsenal” “Bavariya”ni mag‘lub etdi
Sport
−
27 noyabr 1216 2 daqiqa
Kecha, 26 noyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi 5-turida markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda g‘alabali seriya qayd etib kelayotgan ikki grant jamoa “Arsenal” va “Bavariya” Londondagi “Emireyts” stadionida o‘zaro to‘qnash keldi. Mikel Arteta shogirdlari ushbu bahsni 3:1 hisobida o‘z foydasiga hal qildi.
Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida mezbonlar tashabbusni qo‘lga oldi. 22-daqiqada Bukayo Sakaning burchakdan yo‘llagan aniq uzatmasini Yurriyen Timber bosh bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi. Shundan so‘ng “Bavariya” o‘zini qo‘lga oldi va 32-daqiqada Serj Gnabrining uzatmasidan so‘ng Lennart Karl yakunni aniq qilib, hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda Mikel Arteta bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi va bu o‘zgarishlar o‘yinga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. 69-daqiqada Noni Madueke jarima maydoni ichida aniq zarba berib “Arsenal”ni yana oldinga olib chiqdi. 77-daqiqada esa tezkor qarshi hujumda Gabriel Martinelli vaziyatdan unumli foydalanib, uchinchi golni kiritdi.
Shu tariqa “Bavariya” turnirdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi va jadvalda uchinchi pog‘onaga tushib qoldi. Londonliklar esa besh turdan keyin 15 ochko bilan guruhda mutlaq peshqadamga aylandi. Navbatdagi turda “Bavariya” o‘z maydonida “Sporting”, “Arsenal” esa safar “Bryugge” bilan to‘qnash keladi.