Aroqchi Eronning g‘alaba qozonganini e’lon qildi
Olam
−
09:10 2891 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat og‘ir urushdan g‘olib sifatida chiqqanini va Eron strategik jihatdan g‘alabaga erishganini ma’lum qildi. Bu haqda u IRIB nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishish uchun eng maqbul vaqt – bu maydonda ustunlikka ega bo‘lib, g‘alaba qozongan payt hisoblanadi.
“Men shior aytmoqchi emasman: biz haqiqatan ham bu maydonda g‘alaba qozondik. Eron ushbu murakkab maydonda haqiqatan ham g‘olib bo‘ldi. Eron xalqi g‘alaba qildi. Bu shior yoki mubolag‘a emas. Men buni tashqi ishlar vaziri sifatida aytyapman”, degan Aroqchi.
U, shuningdek, ko‘plab xorijiy siyosiy arboblar avval Eronni bugungidek yaxshi tushunmaganini aytayotganini ta’kidlagan.
“Eron bu urushdan yanada kuchli bo‘lib chiqdi. Kuchsiz Eron haqidagi tasavvurlar butunlay yo‘qqa chiqdi. Sizlar aql bovar qilmas ishni amalga oshirdingiz. Bu shior emas. Bu – men xorijiy amaldorlardan shaxsan eshitgan so‘zlar”, degan Eron TIV rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron va AQSH o‘rtasidagi 14 banddan iborat anglashuv memorandumi loyihasining yangi tafsilotlari e’lon qilingan edi.
Qolaversa, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matni tomonlar o‘rtasida kelishib olinganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi