Argentinalik muxlislar terma jamoaning g‘alabasi uchun turli irimlardan foydalanmoqda
Sport
−
08 iyun 1525 2 daqiqa
Argentinalik futbol muxlislari milliy terma jamoaning g‘alabasi uchun o‘yinlar oldidan o‘ziga xos irimlarga amal qilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Futbol argentinaliklar uchun eng katta ishtiyoqlardan biri hisoblanadi. Shu bois muxlislar qo‘shni qit’ada start oladigan mundialga alohida tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Buenos-Ayreslik Lauraning aytishicha, ular har bir o‘yin paytida onasini o‘z xonasida qoldiradi.
“Biz onamizni xonasiga qamab qo‘yamiz va o‘yinni ko‘rishiga qo‘ymaymiz, chunki u bahsni buzib qo‘yishi mumkin deb o‘ylaymiz. Uning ko‘zi tegadi, deyishadi. Lekin onam bundan xafa emas, aksincha bizdan biroz dam oladi”, deydi u.
Ba’zi argentinaliklar milliy terma jamoa o‘yinlarini doim bir xil joyda – muayyan divan yoki kresloda tomosha qiladi. Boshqalar esa, o‘yin davomida faqat ma’lum taomlar iste’mol qilib, ma’lum ichimliklarni ichadi.
Meli ismli muxlisning so‘zlariga ko‘ra, uning otasi har bir o‘yin oldidan bir xil futbolkani yuvib, aynan shu kiyimda terma jamoani qo‘llab-quvvatlaydi.
“Otam har bir o‘yindan oldin bir xil futbolkasini yuvadi va uni kiyib oladi. Bu yillar davomida o‘zgarmagan”, deydi u.
Alexandro esa, do‘stining har bir o‘yin oldidan bir xil ko‘chadan yurishi, chips va pivo uchun faqat bitta do‘konga kirishi hamda uyga qaytgach, doimgi odatlarini takrorlashini aytdi.
Karlosning akasi esa, bir gal Argentina g‘alaba qozongan o‘yinni noqulay holatda o‘tirib tomosha qilgan. Shundan keyin u har bir uchrashuvda aynan o‘sha holatni saqlashga harakat qiladi.
Lionel ismli muxlis esa, 2022 yilgi jahon chempionatidagi Niderlandiyaga qarshi chorak final bahsini esladi.
“O‘sha o‘yinda hisob tenglashgach va bahs penaltilar seriyasiga yaqinlashganda qiz do‘stim hayajondan chiday olmay, itni sayr qildirish uchun tashqariga chiqib ketgandi. Argentina penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Fransiyaga qarshi finalda ham uni hatto penaltilar vaqtida uydan chiqarib yubordim. Endi bu chempionatda ham penalti bo‘lsa, yana itni sayr qildirishi kerakligini aytdim”, deydi u.
Live
Barchasi