Qardoshlar orasiga tushgan fitna yoxud Ozarbayjondan Turkiyaga sanksiya
Tahlil
−
19:49 977 6 daqiqa
Kechagina siz bilan muhokama qilgan Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida maktablarda ro‘mol o‘rash masalasi ortidan yuzaga kelgan keskinlik yumshayotganga o‘xshaydi. Turkiyadan yangragan tanqidlarga Bakuning keskin javob qaytarishi, Ozarbayjonning 31 nafar turk fuqarosini nomaqbul shaxslar deb e’lon qilishi ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an birodari, qardoshi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi.
Erdo‘g‘an Aliyevni Anqarada o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitiga taklif etdi. To‘g‘ri, rasmiy bayonotlarda ikki davlat rahbarining suhbatida kelishmovchiliklar muhokama qilingani aytilmagan.
Biroq muloqotning aynan munosabatlar taranglashgan bir paytda bo‘lib o‘tishi va Aliyevning Anqaraga taklif etilishi alohida e’tiborga molik. Ikki qardosh prezidentlar oradagi dilxiralik va sovuqchiliklarga barham berayotganga o‘xshaydi.
Birodarlik sinovdan o‘tdi
Kechagina Aliyev yaxshilikni oson unutdimi yoki Ozarbayjon-Turkiya orasiga fitna tushirgan kim?” sarlavhasi ostida chiqargan ko‘rsatuvimizda Ozarbayjon maktablarida ro‘mol o‘ragan ayrim o‘quvchi va o‘qituvchilarning darslarga kiritilmagani aks etgan videolar jamoatchilik e’tiborini tortgani haqida aytgandik. Videoni You Tube sahifamizga o‘tib korib olishingiz mumkin.
Xullas, Turkiyada bu masala diniy erkinlikka zid deb baholanib, turli jamoatchilik vakillari Boku ma’muriyatining qarorini tanqid qilgandi.. Ular orasida «Yeniden Refah» partiyasi raisi Fotih Erboqon ham bor edi. U Ozarbayjon rahbariyatining harakatlarini keskin tanqid qilib, ro‘molga qo‘yilgan cheklovlarni «qoloqlik, aqldan tashqari va vijdonga zid» deb atagan. Ozarbayjon hukmron partiyasi vakillari Turkiyadan bildirilgan tanqidlarni mamlakatning ichki ishlariga aralashish sifatida baholagan, Shundan so‘ng Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Turkiyaning 31 nafar fuqarosini nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritib, ularning mamlakatga kirishini taqiqladi.
Ro‘yxatda “Yeniden Refah Partisi” (“Qayta farovonlik”) partiyasi raisi Fotih Erboqon, deputat Umar Farruh Gergerlio‘g‘li, sobiq sport hakami Ahmad Chaqar va jurnalist Yusuf Qoplon, Ayasofiyaning sobiq imomi va Marmara universiteti ilohiyot fakulteti o‘qituvchisi Mehmet Bo‘yniqalin ham bor. Ro‘yxat Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi. Sanksiya qo‘llanilgan shaxslar ro‘yxatida siyosiy, ommaviy axborot vositalari, akademik va diniy doiralardagi taniqli shaxslarning mavjudligi e’tiborni tortadi. Ro‘yxatda Fotih Erboqon bilan birga deputat Umar Farruh Gergerlio‘g‘li, Ahmad Chaqar, Mehmet Bo‘yniqalin va boshqa siyosatchilar, jurnalistlar hamda diniy doira vakillari bor.
Boku qarorga mamlakat suvereniteti, xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi qaratilgan bayonotlarni asos qilib ko‘rsatdi. Biroq har bir shaxsga nisbatan qo‘llangan choraning aniq sabablari alohida ochiqlanmagan. Bayonotda ushbu qaror mamlakat suvereniteti, milliy xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida qabul qilingani qayd etilgan. Ro‘yxatga kiritilgan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Ozarbayjon suvereniteti, konstitutsiyaviy tuzumi, xalqi va rahbariyatiga qarshi qaratilgan bayonotlardan foydalangan.
Hujjatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga chaqirish, diniy radikalizm asosida zo‘ravonlikni rag‘batlantirish va diniy nafrat va adovatni qo‘zg‘atish kabi da’volar qaror qabul qilish uchun asoslar sifatida sanab o‘tilgan. Biroq, ro‘yxatda ko‘rsatilgan shaxslarning aynan qaysi biriga va qanday bayonot yoki xatti-harakati tufayli sanksiya qo‘llanilayotgani haqida aniq misollar e’lon qilinmadi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga qarshi qaratilgan deb hisoblagan bayonotlarga va adovatni qo‘zg‘atadigan faoliyatga qarshi choralarni ko‘rishda davom etishini ma’lum qilgan. Sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan shaxslarning asosiy qismi siyosatchilar, din vakillari, jurnalist, yozuvchilar va ijtimoiy tarmoq faollari bo‘lib, ular orasida Turkiyaning atoqli siyosiy va davlat arbobi, olim va muhandis, mamlakatning sobiq Bosh vaziri (1996–1997) Najmiddin Erboqonning o‘g‘li Fotih Erboqonning borligi e’tiborni tortadi. Boisi, Najmiddin Erboqon Hukumatga boshchilik qilgan davrda tashqi bosimlarga qaramay, Ozarbayjonning Qorabog‘ masalasi bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini bildira olgan va bu borada Bakuni qo‘llagan sanoqli rahbarlar toifasiga kirgan. Ozarbayjonda Turkiyaning 31 fuqarosiga nisbatan sanksiya yaqinda Bakudagi maktablarda ro‘mol o‘ragan o‘quvchi va o‘qituvchilar maktabdan chetlashtirilib, darslarga kiritilmayotgani aks etgan videolar ortidan bildirilgan munosabat va tanqidlarga javoban qo‘llanilgani taxmin qilinmoqda. Ammo, rasmiy Baku buni tasdiqlaganicha yo‘q.
Joriy yilning oktyabr oyi o‘rtalarida Ozarbayjon maktablarida qizlarning ro‘mol o‘rab kelishiga cheklovlar kiritilgani haqidagi xabarlarga javoban, Fotih Erboqon Ozarbayjon rahbariyati va Prezident Ilhom Aliyev sha’niga keskin tanqidiy bayonot berdi. U bu taqiqni "qoloqlik, aqldan tashqari va vijdonga zid" deb atadi. Bu qaror dunyo mediasida azal-azaldan bir-biriga har jabhada yelkadosh bo‘lgan, strategik hamkorligi ham mustahkam bo‘lgan Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munodsabatlarning taranglashayotganiga yana bir isbot sifatida baholanayotgandi.
Biroq Turkiya rahbarining kutilmagan qo‘ng‘irog‘i barcha tasavvurlarni 180 gradusga o‘zgartirib yubordi, go‘yo.
Erdo‘g‘an birinchi qadamni tashladi
21-oktyabr kuni Erdo‘g‘andan “o‘pkalab yurgan” Aliyevga telefon qildi. Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global voqealar muhokama qilindi. Turkiya Prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni birodarlik rishtalariga tayangan holda yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘an suhbat davomida Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik birodarlik munosabatlaridan oladigan kuch tufayli yanada yuqori bosqichga olib chiqilishini ta’kidladi. Prezidentimiz suhbat chog‘ida Ozarbayjon mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi.
Eng e’tiborli jihati, Erdo‘g‘an Aliyevni 29–30-oktyabr kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining 13-sammitiga ham taklif qildi. Ma’lumot uchun ushbu sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning ham Anqaraga borishi kutilmoqda. Albatta, rasmiy xabarda Erdo‘ganning mazkur taklifi yarashish tashabbusi sifatida taqdim etilmagan. Shuningdek, ikki prezidentning aynan ro‘mol mojarosi yoki 31 nafar turk fuqarosiga qo‘yilgan taqiqni muhokama qilgani ham ma’lum emas. Ammo voqealar ketma-ketligi muloqotning siyosiy ahamiyatini oshiradi. Bunday vaziyatda sammitga taklif oddiy diplomatik protokol doirasidagi qadam bo‘lish bilan birga, munosabatlarni avvalgi iziga qaytarishga qaratilgan ishora sifatida ham talqin qilinishi mumkin.
Erdo‘g‘an, ehtimol, kelishmovchilikning ikki davlat o‘rtasidagi kengroq hamkorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslikni istayotgandir. Chunki Turkiya uchun Ozarbayjon shunchaki qardosh mamlakat emas. Baku Anqaraning Janubiy Kavkazdagi muhim strategik hamkori, energetika va transport yo‘nalishlaridagi sherigi hisoblanadi.
Ozarbayjon uchun ham Turkiya bilan yaqin munosabatlar xavfsizlik, mintaqaviy ta’sir va xalqaro hamkorlik nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega. Shu sababdan bo‘lsa kerak ro‘mol masalasidagi kelishmovchilikning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni uzoq muddatga sovitib qo‘yishi tomonlarning hech biriga foyda keltirmasligini mamlakat yetakchilari ham anglab yetishyotgandir.
Yarash-yarash bo‘ladimi?
Hozircha Erdo‘g‘an va Aliyev o‘rtasida ochiq shaxsiy araz yoki kelishmovchilik bo‘lgani tasdiqlanmagan. Ammo ularning mamlakatlari o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy sovuqchilikni inkor etib bo‘lmaydi. Endi asosiy savol — Anqaradagi sammit ikki tomon uchun munosabatlarni yumshatish imkoniyatiga aylanadimi?
Aliyevning taklifni qabul qilishi, ikki rahbarning yuzma-yuz uchrashuvi va undan keyingi bayonotlar bu borada muhim ishoralar berishi mumkin. Erdo‘g‘anning telefon qo‘ng‘irog‘i va sammitga taklifi hozircha yarashuvning yakuniy natijasi emas. Lekin bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolish va keskinlikni yumshatish uchun tashlangan muhim diplomatik qadam bo‘lishi mumkin.
Endi navbat Bakuning keyingi qadamlarni qanday tashlashida. Anqara bilan munosabatlar avvalgi iliqligiga qaytish yoki qaytmasligini yaqin kunlardagi voqealar ko‘rsatadi va biz ularni ham sizga yetkazamiz. Voqealar rivojini ko‘zatish uchun Qalampir uzda qoling.
Live
Barchasi