Arab davlatlari ligasi Isroilga shart qo‘ydi

Olam

image

Arab davlatlari ligasi (ADL) Isroilni G‘azo sektori blokadasini to‘xtatishga va mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni boshlashga chaqirdi. Bu haqda tashkilotga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotida so‘z boradi.

“Biz G‘azo sektori blokadasini bekor qilishga va arablar tashabbusiga ko‘ra tinchlik yechimi ustida ishlashga chaqiramiz”, deyiladi hujjatda.

Kecha, 12 oktyabr kuni Qohirada Arab Ligasi kengashining tashqi ishlar vazirlari darajasidagi favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning ishtirokchilari Falastin ma’muriyatini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlab, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirishdi. Xususan, Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abu al-Gayt tinch aholiga qarshi kuch ishlatishni qoralab, tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Iordaniya Isroil tomonidan to‘liq blokadada bo‘lgan va yirik hujumlarga uchragan G‘azo sektori aholisi uchun samolyotda insonparvarlik yordami jo‘natgan edi.

Avvalroq, Isroil Damashq va Halab aeroportlaridagi uchish-qo‘nish yo‘laklariga zarba bergani haqida xabar berilgan edi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Arab davlatlari ligasi Isroil Flastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing