Anvar Sadatni o‘ldirish ssenariysi bo‘yicha Erdo‘g‘anni o‘ldirish rejalashtirilgani aytildi
Olam
−
21 iyul 6464 3 daqiqa
Turkiyada taqiqlangan va terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO tashkiloti 2016 yil iyul oyida davlat to‘ntarishiga urinishdan oldin va o‘sha vaqtning o‘zida ham Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga bir necha bor suiqasd qilishga harakat qilgan. Bu haqda mahalliy “Türkiye” gazetasi yozdi.
O‘z vaqtida Mudofaa vazirligining kiberxavfsizlik masalalari uchun mas’ul bo‘lgan iste’fodagi brigada generali Ibrohim Buyukboshning nashrga aytishicha, dastlab Erdo‘g‘anga suiqasd qilish mashg‘ulotlar paytida rejalashtirilgan, biroq maxsus xizmatlar bir qator shubhali holatlarni qayd etgan va Prezidentning mashg‘ulotlarda ishtirok etish dasturi bekor qilingan. Keyinchalik xavfsizlik kuchlari Erdo‘g‘anni 1981 yilda Misr Prezidenti Anvar Sadatga qarshi harbiy paradda uyushtirilgan suiqasdga o‘xshab o‘ldirishni rejalashtirgani haqida ma’lumot olgan.
Turkiya yetakchisiga navbatdagi suiqasd 2016 yil 15 iyulga o‘tar kechasi uyushtirildi, biroq Erdo‘g‘an Marmaris kurortidagi mehmonxonani oldindan tark etgach, bu urinish ham barbod bo‘ldi. Turkiyalik iste’fodagi harbiyning so‘zlariga ko‘ra, FETO Erdo‘g‘anni xorijiy aviakompaniya samolyotida o‘ldirish rejasini tuzgan
2016 yil 15 iyulda Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish oqibatida 253 kishi halok bo‘ldi, 2,2 ming kishi jarohatlandi. To‘ntarish bostirilgandan so‘ng, Turkiya hukumati davlat tuzilmalarida tozalashlar o‘tkazdi, 100 mingdan ortiq kishi ishdan bo‘shatildi. Qo‘zg‘olonning yuzlab ishtirokchilari umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Erdo‘g‘an avvalroq Turkiya FETO tarafdorlarini ularning oxirgisi javobgarlikka tortilmaguncha ta’qib qilishini aytgan edi.
Anvar Sadatning o‘ldirilishi
Misrni 1970 yildan 1981 yilgacha boshqargan Prezident Anvar Sadatga suiqasd 1981 yil 6 oktyabr kuni Qohirada, 1973 yilgi “Oktyabr urushi” (Suets kanalidan o‘tish)ning 8 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan harbiy parad paytida amalga oshirilgan.
Suiqasd tashkilotchisi – Misr armiyasi leytenanti va radikal “Misr Islomiy Jihodi” guruhi a’zosi Xolid al-Islombuliy boshchiligidagi fitnachi harbiylar guruhi edi.
Prezident Anvar Sadat va yuqori martabali mehmonlar (vazirlar, chet el diplomatlari) markaziy tribunada paradni kuzatib o‘tirgan edi. Shu payt osmonda Misr Harbiy-havo kuchlarining “Miraj” qiruvchi samolyotlari ko‘rgazmali parvozlarni bajarayotgan edi. Siyosatchilar va tomoshabinlarning diqqati osmonga qaratilgan.
Soat 13:00 atrofida tribuna oldidan og‘ir artilleriya tortayotgan harbiy yuk mashinalari o‘ta boshlaydi. Mashinalardan birining ichida leytenant Xolid al-Islombuliy va uning 3 nafar quroldoshi bo‘lgan. Ular haydovchini qurol o‘qtalib, mashinani to‘xtatishga majbur qilishadi.
Mashina to‘xtashi bilan ichidan harbiy libosdagi to‘rt kishi otilib chiqadi. Al-Islombuliy tribuna tomon yugurib kelib, qo‘l granatasini uloqtiradi (lekin granata portlamaydi). Qolgan fitnachilar esa avtomatik qurollardan (Kalashnikov) tribunani o‘qqa tuta boshlaydi.
Anvar Sadat hujumni harbiylarning salom berish marosimi deb o‘ylab, ularni qarshi olish uchun o‘rnidan turadi. Shu zahoti unga bir nechta o‘q tegadi. Prezidentning soqchilari va yordamchilari uni stullar bilan yopishga va himoya qilishga harakat qiladi, ammo kech bo‘lgan edi.
Hujum taxminan 2 daqiqa davom etgan. Hujumchilarning o‘qlari tugagach, xavfsizlik kuchlari ularga qarata o‘t ochadi. Fitnachilardan biri o‘ldiriladi, a’zolari (shu jumladan Islombuliy) yarador holda qo‘lga olinadi.
Anvar Sadat og‘ir yaralanib, zudlik bilan vertolyotda harbiy gospitalga olib ketiladi, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qola olishmaydi. Terakda Sadatdan tashqari yana 10 dan ortiq kishi (shu jumladan bir nechta xorijiy diplomatlar) halok bo‘ladi, 28 kishi yaralanadi. O‘shanda Sadatning yonida o‘tirgan vitse-prezident Hasni Muborak yengil jarohat oladi va keyinchalik davlat rahbariga aylanadi.
Live
Barchasi