Antarktida muz qatlami ostida ulkan geologik tuzilma aniqlandi

Bu qiziq

image

Xalqaro olimlar guruhi Sharqiy Antarktida muz qatlami ostida ilgari noma’lum bo‘lgan qit’a miqyosidagi geologik tuzilmani aniqladi. U qalinligi uch kilometrgacha bo‘lgan muz ostida yashiringan ulkan havzalar tarmog‘idan iborat bo‘lib, unga “Sharqiy Antarktida yelpiqsimon havzalar provinsiyasi” deb nom berildi. Bu haqda Durham universiteti matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu tuzilma tarkibiga ilgari alohida o‘rganilgan bir nechta ob’ektlar – Uilks va Avrora havzalari, shuningdek, Yer yuzidagi eng yirik muz osti ko‘li bo‘lmish Vostok ko‘li joylashgan havza kiradi. Garchi ularning har biri ilgari alohida tadqiq etilgan bo‘lsa-da, ularning yagona va o‘zaro bog‘liq tizimga tegishli ekanligi birinchi marta aniqlangan.

Olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu tuzilma yer qobig‘ining tarqoq rotatsion cho‘zilishi – yer qobig‘ining markaziy nuqtadan asta-sekin kengayib, uchburchak shaklidagi havzalarni hosil qilish jarayoni natijasida shakllangan. Tadqiqotchilar ushbu tizimni ochilgan kaftga qiyoslamoqda: bunda bosh barmoqning asosi harakatsiz qoladi, qolgan barmoqlar esa yon tomonlarga yoyiladi. Mazkur provinsiya Gondvana superqit’asining evolyutsiyasi hamda keyinchalik Antarktida va Avstraliyaning ajralib ketishi bilan bog‘liq bir nechta tektonik bosqichlar davomida shakllangan bo‘lishi mumkin.

Bu kashfiyot nafaqat qit’aning geologik o‘tmishini qayta tiklash uchun, balki bugungi kunda muz osti poydevori relefining muzlar harakatiga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rganishda ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, u iqlim o‘zgarishiga eng zaif bo‘lgan muz qatlamlari hududlarining barqarorligini belgilab berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer muzliklari xavotirli sur’atlarda qisqarib borayotgani haqida xabar berilgan edi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda sayyora muzliklari jami 408 gigatonna muz yo‘qotgan. O‘tgan yil global muz erishi bo‘yicha eng yomon yillardan biri bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing