Yangi O‘zbekistonda yana o‘qituvchilar maktabni ta’mirlash uchun quldek ishlatilyapti…mi? (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 42-sonli maktabda o‘qituvchilar maktabning ta’mirlash ishlarini o‘zlari olib borayotgani aks etgan video tarqaldi. Holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda holat nazoratga olingan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi.

Videoda ishlayotgan pedagoglarning barchasi ayol kishi ekanini ko‘rish mumkin. Ular orasida ingliz tili, rus tili, matematika o‘qituvchilari, deyarli barcha muallimalar bor ekani aytilgan. Ularning ba’zilari devor va shiftni suvayotgan bo‘lsa, yana boshqa biri stol va stullarni tashiyapti. Qiziqarlisi shundaki, ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustozlarning ayrimlari hatto mehnat ta’tilida bo‘lsa ham maktabda – ta’mirlash jarayonlarida.

Maktab xodimlarining ushbu ishga o‘zlari rozi bo‘lgan holda kirishgani yoki majburan jalb qilingani noma’lum. Lekin videoda “remont” ishlarida qatnashgan o‘qituvchilarga ko‘proq dars soati berilishi aytilgan.

Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan. 

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori maktabda ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, soat 16:00 gacha o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, ya’ni maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing