Andijonda bola o‘g‘risi ushlandimi?
3-sahifa
−
01 avgust 11540 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Shahrixon tumanida bola o‘g‘risi ushlangani aytilgan videoxabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu videoxabarda aks etgan holat bo‘yicha Andijon viloyati IIB tomonidan o‘rganish ishlar olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, kecha, 31 iyul kuni soat 15:40 larda 102 qisqa raqamiga Shahrixon tumani “Cho‘ja” mahallasida yashovchi fuqaro G‘anisher O‘rinboyev tomonidan yashash xonadoniga noma’lum shaxs kirib olgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Mazkur xabar yuzasidan hudud profilaktika inspektori zudlik bilan voqea joyiga borib, holatga oydinlik kiritganda, ushbu fuqaro Shahrixon tumani “Bo‘ston” MFY Yangi qadam ko‘chasida yashovchi 2019 yildan buyon ruxiy kasalliklar (D) ro‘yxatida turuvchi 1986 yilda tug‘ilgan, ruhiy nosog‘lom fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan. Ushbu fuqaro hudud profilaktika inspektori tomonidan shu kunning o‘zida Andijon viloyati psixonevrologiya dispanseriga davolanish uchun joylashtirilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlar orqali bola o‘g‘risi ushlangani to‘g‘risida tarqatilayotgan xabarlar mutlaqo asosga ega emas. Shu o‘rinda barcha ijtimoiy tarmoq faollaridan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmasliklarini hamda rasmiy manbalarga tayanishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida “yovvoyi” kimsa paydo bo‘lgani va ayollar, bolalarga tashlanib qolayotgani haqidagi xabarlar ham rad etilgan edi.
Live
Barchasi