Andijonda avtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvida jabrlanganlardan yana biri vafot etdi
3-sahifa
−
29 noyabr 2022
5040Avvalroq, 26 noyabr kuni A-373 Toshkent-O‘sh-Andijon avtomagistralining 389-390-kilometrlari oralig‘ida Isuzu avtobusi va “Fura” yuk mashinasi to‘qnashib ketgani haqida xabar bergandik. Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgani, 38 nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgani aytilgandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati YTHda jabrlangan fuqarolar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda bemorlardan 4 nafariga tibbiy xulosalar ijobiy bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga ruxsat berildi.
Achinarlisi, o‘ta og‘ir ahvoldagi yana bir nafar bemor amalga oshirilgan reanimatsion choralarga qaramasdan vafot etdi. U shifoxonaga “Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi. Miya o‘zagi shikastlanishi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari yopiq jarohati. Jigar segmentlarining ezilib yorilishi. Chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi. O‘ng boldir sohasi old yuzasi va o‘ng qo‘l tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi. 3-darajali travmatik shok” tashxisi bilan olib kelingan edi. Unda belgilangan standartlar bo‘yicha barcha zarur amaliyotlar o‘tkazilgan.
Hozirda 33 nafar bemorda shifokorlar zarur muolajalarni davom ettirmoqda.
Nazoratda turgan bemorlarning 11 nafari RSHTYOIM Andijon filialida, 16 nafari Asaka tumani, 4 nafari Bo‘ston tumani, 2 nafari Shahrixon tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanmoqda.
Ushbu bemorlarning 1 nafari o‘ta og‘ir, 5 nafari og‘ir ahvolda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini to‘liq nazoratga olgan bo‘lib, bemorlar zarur tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan.