Andijonda 4 ta mashina ishtirokidagi avariyada odamlar jarohatlandi
Jamiyat
−
22 fevral 2025 2240 1 daqiqa
Kecha, 21 fevral kuni Andijon viloyatida to‘rtta mashina ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida odamlar jarohat oldi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 22:10 atrofida viloyatning Andijon tumani “Ming o‘rik” MFY hududida “Asaka-Andijon” yo‘nalishi bo‘ylab katta tezlikda harakatlanib kelayotgan Nexia-3 rusumli avtomashina haydovchisi oraliq masofa saqlamasdan o‘zi bilan bir yo‘nalishda kelayotgan va chorrahadan ortga qayrilib olmoqchi bo‘lgan yana bir Nexia-3 avtomashinasining orqasidan borib urilgan.
Ushbu zarba oqibatida haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan Labo hamda CWM G01 rusumli avtomashinalar bilan to‘qnashib ketgan. Xabarda YTH tufayli tan jarohati olib, shahar shifoxonasiga murojaat qilganlar borligi aytilgan. Ammo ularning soni haqida hech qanday ma’lumot berilmagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan hozirda Andijon tumani Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 fevral kuni Farg‘ona viloyatida Nexia-3 poyezd tagida qolib ketgandi. Haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzib, poyezdni “ilon izi” usulida aylanib o‘tishga uringan.
Live
Barchasi