Natijasiz topshiriq! Amaldorlarning mol-mulkini deklaratsiyalashga bosh bo‘lish yana Antikorrupsiya agentligiga topshirildi

Jamiyat

image
Endi poraxo‘rlar jazodan muddatidan oldin ozod qilinmaydi north_east

Endi poraxo‘rlar jazodan muddatidan oldin ozod qilinmaydi

O‘zbekistonda ancha yillardan buyon  kutilayotgan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilishni tashkil etish endi Qonun bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatildi. Bu haqda joriy yilning 22 iyun kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida so‘z borgan. 

Qonun bilan 2017 yil 3 yanvar kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari kengaymoqda. 

Hujjatga ko‘ra, endilikda Agentlik davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etishga xamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga ko‘maklashadi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash choralarini ko‘rishga mas’ul bo‘ladi. 

Shuningdek, Qonun bilan Agentlikka davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini, shuningdek manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqish hamda uning samarali ishlashini tashkil etish majburiyati yuklatilgan. 

Amaldorlarning poraxo‘rligiga chek qo‘yishning eng katta natija beradigan xalqaro tajribadan o‘tgan usuli albatta daromadlarni deklaratsiya qilish. O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan boshlab kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan. Farmonda 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimini joriy etish belgilangan. 

2022 yil 10 noyabrda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida ham davlat fuqarolik xizmatchisining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etish, davlat fuqarolik xizmatchisi qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shartligi belgilangan. Biroq, qaysi qonunda, qaysi muddatda? Bu mujmal! Deklaratsiyalarni kim nazorat qiladi, kim nomutanosibliklarni aniqlaydi va uning ochiq bazasi mavjudmi, bu savollar ham yillarkim javobini topmay kelmoqda. 

Gap shundaki, Prezidentning 2021 yil 6 iyuldagi farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan edi. QALAMPIR.UZ manbalariga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Lekin, hozir u qayerdaligi haqida birov miq etmaydi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprelda imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi aytilgan edi. Ammo, yana natija yo‘q. Holbuki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilishi, mansabi va lavozimiga ishonib yurganlar ham ayab o‘tirilmasligini aytgandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining esa Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish boshqarmasi mavjud bo‘lib, ushbu boshqarma nima ish bilan shug‘ullanayotgani haqida aniq ma’lumot mavjud emas. Hozirgacha boshqarmaning davlat xizmatchilari mol-mulki bo‘yicha hisoboti tinglanmadi. 

Agar vaziyatga byurokratik hisobotlardan tashqariga chiqib, real va amaliy nuqtai nazardan qarasak, javob qisqacha shunday: Yo‘q, tizim ishlamayapti va jamiyat kutgan natijani bermayapti. Islohot bir necha yildan beri "sinov", "tayyorgarlik" va "texnik integratsiya" bosqichida qolib ketmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing