Aliyev josuslik ayblovi bilan qamalgan fransuzni afv etdi
Olam
−
18:48 460 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatda josuslik ayblovi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan fransiyalik tadbirkor Marten Rayanni afv etdi. Tegishli farmon Ozarbayjon yetakchisining saytida e’lon qilindi.
Joriy yilning 14 sentyabr kuni “Financial Times” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Fransiya hokimiyati Ozarbayjon bosimi ostida o‘zbek-rus oligarxi Alisher Usmonovga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilishga urinayotgani haqida maqola e’lon qilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarni olib tashlash Ozarbayjonda hibsga olingan Fransiya fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha kelishuvning bir qismi bo‘lgan.
Uch nafar Yevropa mulozimi FT’ga ma’lum qilishicha, Fransiya va Slovakiya Vladimir Putin rejimi bilan bog‘liq 2600 ta jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalarni uzaytirishga veto qo‘yib, ushbu ro‘yxatdan Usmonovni chiqarib tashlashni talab qilgan.
Kecha, 22 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya jismoniy va yuridik shaxslariga qarshi sanksiyalarni yana uch yilga uzaytirishni ma’qullagani, shu bilan birga Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlagani ma’lum bo‘ldi. FT manbalariga ko‘ra, Lyuksemburg Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragan.
Marten Rayan 2023 yilning dekabrida Ozarbayjonda Fransiya maxsus xizmatlari foydasiga josuslik qilishda ayblanib qo‘lga olingan. 2026 yilning martida u 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Aliyev bugun, 23 sentyabr kuni imzolagan farmoni bilan jami 20 kishini afv etgan. Ular orasida 2024 yilning dekabrida Bakuda hukm o‘qilgan Rossiya va Isroil fuqarosi Kirill Mixaylov ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishga kelishgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi