AQSHni qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlat nishonimizga aylanadi – Eron (video)

Olam

image

AQSHni qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlat Eronning nishoniga aylanadi. Bu haqda kecha, 25 iyul kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) generali va tashkilotning rasmiy vakili Huseyn Mohebi ogohlantiruvchi bayonot bilan chiqdi.

Bayonotga ko‘ra, Eron hududiga zarba berishda AQSHga yordam bergan har qanday mamlakat Eron raketalari uchun qonuniy nishonga aylanadi. Bu ayniqsa Buyuk Britaniyaga tegishli bo‘lib, IIQK Eron raketalari Britaniya orollarigacha yetib borishi mumkinligini alohida urg‘ulagan. Shu sababli, London o‘z harbiy bazalarini Amerika samolyotlari uchun ochmagani ma’qul. Shuningdek, Fors ko‘rfazi monarxiyalariga alohida ogohlantirish berilgan. 

“Har qanday davlat – Buyuk Britaniya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari yoki boshqalar, agar urushda AQSHni qo‘llab-quvvatlasa, ular bizning qonuniy nishonlarimizga aylanadi.

Yaqinda AQSHning B-1 samolyotlari Buyuk Britaniyadagi aviabazalardan foydalandi. Agar ular hamkorlik qilsa, ular biz uchun aniq va qonuniy nishon bo‘ladi. Har bir vaziyat uchun bizda aniq ssenariy mavjud. Bu ssenariylar albatta bir xil emas, turlicha bo‘lishi mumkin. Bizning, masalan, Quvaytdagi AQSH bazasiga beradigan zarbamiz Britaniyaga, Britaniyadagi AQSH bazasiga yoki hatto AQSH bilan hamkorlik qilgani uchun Britaniyaning o‘ziga beradigan zarbamizdan farq qilishi mumkin. Ammo ularning qonuniy nishonimiz ekaniga hech qanday shubha yo‘q.”, degan IIQK vakili.

Mohebi o‘z bayonotida Britaniyaga alohida urg‘u bergan.

“Britaniya siyosiy va harbiy pozitsiyalarida har doim AQSHga tobe bo‘lib kelgan. Britaniyadan mantiqan o‘z chegarasini AQSHdan ajratishi kutilmagan edi. Britaniya o‘z irodasini butunlay AQSH irodasiga bo‘ysundirgan. Hozir, oxirgi paytlarda Yevropa va AQSH o‘rtasidagi ba’zi masalalar sababli biroz masofa saqlagan bo‘lishsa-da, bu ularning o‘tmishini va mamlakatlarining AQSH qarorlariga nisbatan mustaqil emasligini yuvib yubormaydi. Odatda Britaniya AQSHga ergashgan. Hozirgi oxirgi ikki-uchta holatni aytmaganda, agar global qarorlarning barchasiga nazar tashlasangiz urushlarda AQSH yonida bo‘lgan”, deydi u.

O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlarida amerikalik harbiylar halok bo‘lganidan keyin Erondan qasos olishga va’da bergan. So‘nggi bir hafta ichida Tramp Eronda nishonga olinayotgan ob’ektlar ro‘yxatini energetika inshootlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib keldi

Ma’lumot o‘rnida, 1949 yilgi Jeneva konvensiyalari urush paytida aholining hayoti uchun muhim hisoblangan fuqarolik ob’ektlariga hujum qilishni taqiqlaydi. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob’ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.

Qayd etish joizki, urush davomida AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan hujumlari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan va millionlab kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Mojaro neft narxlarining oshishiga va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirib, shu tariqa ketma-ket 13-kecha davom etgan hujumlarni davom ettirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing