AQSHdagi jazirama Jahon chempionati o‘yinlariga xavf tug‘dirmoqda

Olam

image

AQSHning katta qismini qamrab olgan kuchli issiqlik to‘lqini mamlakatning 250 yillik Mustaqillik bayrami tadbirlari hamda FIFA Jahon chempionati uchrashuvlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar qildi.

“World Weather Attribution” xalqaro tadqiqot guruhi tahliliga ko‘ra, AQSH va Kanadaning ayrim hududlarida kuzatilayotgan yuqori harorat hamda namlikka “issiqlik gumbazi” deb ataluvchi yuqori bosimli atmosfera tizimi sabab bo‘lgan.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yer atmosferasining o‘rtacha harorati sanoat davrigacha bo‘lgan ko‘rsatkichdan 1,4 darajaga oshmaganida, bunday hodisa ming yillarda bir marta ham sodir bo‘lmas edi.

Imperial kollejining tadqiqotchisi Teodor Kipping aytishicha, bugungi AQSH iqlimi mamlakat Mustaqillik deklaratsiyasi imzolangan davrdagidan tubdan farq qiladi. Jazirama sababli Vashingtonda o‘tkazilayotgan AQSHning 250 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ommaviy tadbirlar jadvali o‘zgartirilgan. Issiqlik tufayli o‘ndan ortiq ishtirokchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, 11 kishi esa shifoxonaga yotqizilgan.

Kuchli issiq FIFA Jahon chempionati bahslariga ham ta’sir qilishi mumkin. Xususan, Filadelfiyada bo‘lib o‘tadigan Fransiya-Paragvay uchrashuvi yuqori harorat va namlik sharoitida o‘tkazilishi kutilmoqda. Futbolchilar xalqaro uyushmasi avvalroq bunday ob-havo o‘yinlarni kechiktirish yoki boshqa vaqtga ko‘chirish zaruratini yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Pensilvaniya shtatidagi ommaviy tadbirlardan birida esa 100 dan ortiq odam issiqlik bilan bog‘liq holatlar sabab tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan. Voqea ommaviy favqulodda holat sifatida baholanib, hududga qo‘shimcha tez yordam mashinalari va mobil sovutish punktlari jalb qilingan.

Shuningdek, yo‘lovchi tashuvchi Amtrak kompaniyasi yuqori harorat sabab AQSH shimoli-sharqidagi 20 dan ortiq poyezd reysini bekor qildi hamda yo‘lovchilarni ehtimoliy kechikishlar haqida ogohlantirgan.

“Bularning barchasi dunyo darhol issiqxona gazlari ifloslanishini tezda kamaytirishni boshlashi kerakligini ko‘rsatuvchi shoshilinch ogohlantirish”, dedi London Imperial kolleji Atrof-muhit siyosati markazining iqlim fanlari professori Friderike Otto o‘z bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliya ekstremal issiq tufayli favqulodda holat e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing