AQSHdagi savdo markazida otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

AQSHning Michigan shtati Dirborn shahridagi Fairlane Town Center savdo markazida sodir bo‘lgan otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohat oldi. Bu haqda ABC News xabar qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, hodisa kecha, 3 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:30 atrofida yuz bergan. Voqea joyiga yetib borgan huquq-tartibot idoralari uch nafar o‘q tekkan jabrlanuvchini aniqlagan.

Dirborn politsiyasi boshlig‘i Issa Shahinning aytishicha, qurbonlardan biri voqea joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etgan. Jarohatlangan uchinchi shaxsga esa tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, otishma tasodifiy hujum bo‘lmagan, mojaro savdo markazida bir-birini tanigan ikki guruh o‘rtasida yuzaga kelgan va janjal qurolli to‘qnashuvga aylangan.

“Bunday zo‘ravonlik holatlarini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Inson hayotiga zomin bo‘lish katta fojia”, deydi Shahin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeaga aloqador shaxslar asosan o‘smirlikning oxiri yoki yigirma yoshlardagi yoshlar bo‘lgan. Tergov davomida hodisaga aloqador bir necha kishi so‘roq qilinmoqda. Politsiya otishmada to‘pponchalardan foydalanilganini ma’lum qilgan, biroq mojaroning aniq sababi hozircha aniqlanmagan.

Ayni paytda hech kim hibsga olinmagan hamda huquq-tartibot idoralari voqea yuzasidan tergovni davom ettirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 iyun kuni Germaniya shimolidagi Shtade shahrida joylashgan Yoshlar ijtimoiy ta’minoti muassasasida sodir bo‘lgan otishma oqibatida 5 kishi halok bo‘lgandi.

Mumtozbegim Abdumo‘minova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing