AQSHda Tramp surati tushirilgan 1 dollarlik tanga chiqarildi

Olam

image

AQSH zarbxonasi Prezident Donald Tramp surati tushirilgan bir dollarlik tangani muomalaga chiqardi va uni sotishni boshladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tanga AQSH Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinganining 250 yilligi munosabati bilan chiqarilgan. Oltinrang tanganing bir tomonida Trampning portreti, “LIBERTY” va “IN GOD WE TRUST” yozuvlari joylashtirilgan.

Tanganing orqa tomonida AQSH prezidentlik muhri tasviri va qalqonda “250” raqami aks etgan. AQSH zarbxonasi tanga mamlakatning yubileyi arafasidagi “ruh, g‘urur va meros”ni ifodalashini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, Tramp surati tushirilgan tanganing chiqarilishi mamlakatda tanqidlarga ham sabab bo‘lgan. Chunki AQSHda amaldagi prezidentlarning suratini valyutaga joylashtirish uzoq vaqtdan beri an’anaga zid hisoblanib kelgan.

Bunday holatga tarixdagi eng yaqin misol 1926 yilda kuzatilgan. AQSHning 150 yilligi munosabati bilan chiqarilgan tangada o‘sha paytda prezident lavozimida bo‘lgan Kalvin Kulij va birinchi prezident Jorj Vashingtonning yonma-yon portretlari aks etgan.

Biroq tanqidchilar 1926 yilgi tanga oddiy muomala vositasi emas, balki yubiley munosabati bilan chiqarilgan esdalik tangasi bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Tangani chiqarish g‘oyasini AQSH Moliya vaziri Skott Bessent 15 iyul kuni ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan. Uning aytishicha, tanga “Amerika qadriyatlarining kuchini” va erkinlikni asrashga bag‘ishlangan mamlakat va’dasini ifodalaydi.

Tramp ma’muriyati prezidentning nomi yoki suratini boshqa ob’ekt va mahsulotlarda ham aks ettirish tashabbuslarini ilgari surgan. Ular orasida Kennedi markazi, AQSH Tinchlik instituti, milliy bog‘lar uchun abonementlar va 250 yillik yubileyga bag‘ishlangan cheklangan seriyadagi pasportlar bor.

Shuningdek, may oyida Bessent Tramp surati tushirilgan yangi 250 dollarlik banknotini chiqarish bo‘yicha tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qilgan. Bu tashabbusni amalga oshirish uchun Kongress roziligi talab etiladi.

Bir dollarlik tanganing nominal qiymati bir dollar bo‘lsa-da, AQSH zarbxonasi uni kolleksionerlarga ustama narxda sotmoqda. 25 tanadan iborat o‘ram 61 dollar, 100 tanalik xalta esa 154,50 dollardan taklif etilgan.

AQSH zarbxonasi tangalar faqat bezak yoki kolleksiya uchun emas, balki rasmiy muomala vositasi sifatida ham ishlatilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqariladigan yangi pasport dizaynini taqdim etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing