AQSHda Tramp surati bilan 250 dollarlik kupyura chiqarish taklif qilindi

Olam

image

Janubiy Karolinadan saylangan respublikachi kongressmen Jo Uilson AQSH Prezidenti Donald Tramp portreti tushirilgan 250 dollar nominaldagi kupyura chiqarishni taklif qildi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.

“Baydenflyatsiya iqtisodiyotni vayron qildi va amerikalik oilalarni ko‘proq naqd pul bilan yurishga majbur etdi”, deb izohlagan kongressmen o‘z tashabbusini.

Uilson Tramp portretining aynan shu kupyurada aks ettirilishiga sabab sifatida “eng qimmat banknota – eng qadrli prezidentga” tamoyilini ilgari surgan.

Bungacha ayrim kongressmenlar Donald Tramp tug‘ilgan kunini milliy bayram deb e’lon qilish va unga uchinchi marta prezidentlikka nomzodini qo‘yish imkonini berishni taklif qilgan edi.

Biroq kongressmen Uilsonning taklifi noqonuniy hisoblanadi. 1866 yilda AQSH Kongressi qabul qilgan qonunga ko‘ra, tirik shaxslarning suratlarini kupyuralar va tangalarga joylashtirish taqiqlangan. Ammo hozirda Tramp tarafdorlari Kongressning ikkala palatasida ham ko‘pchilikni tashkil etadi, bu esa nazariy jihatdan ushbu qoida bekor qilinishi mumkinligini anglatadi.

Ma’lumot uchun, hozirda AQSHda amaldagi eng yirik nominaldagi kupyura 100 dollar hisoblanadi. Ilgari mamlakatda 10 va 100 ming dollargacha bo‘lgan banknotalar ham chiqarilgan. Ular hozir amalda mavjud emas, lekin banklararo tranzaksiyalar yoki kolleksion maqsadlarda saqlanib qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Florida shtatidan respublikachilar vakili Anna Paulina Luna Prezident Donald Tramp yuzini Rashmor tog‘iga qo‘shish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan edi. Agar Kongress ushbu qonunni ma’qullasa, Tramp yuzini toshga o‘yib tushirish vazifasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatiladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh kupyura Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing