AQSHda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida odam urib yubordi (video)
Olam
−
10:58 3681 2 daqiqa
Joriy yilning 8 may kuni AQSHda yo‘lovchi samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagida odamni urib ketib, uning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Frontier Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot Denverdan Los-Anjelesga parvoz qilishi kerak edi. Hodisa 8 may kuni kechqurun Denver xalqaro aeroportida sodir bo‘lgan.
Nashrning xabar berishicha, samolyot uchish uchun tezlanayotgan paytda uchish-qo‘nish yo‘lagida bo‘lgan odamni urib ketgan. Zarba oqibatida u voqea joyida halok bo‘lgan.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, inson tanasining bir qismi samolyot dvigateliga tushib ketgan va shundan keyin qisqa muddatli yong‘in chiqqan. Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar yong‘inni tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
Airbus A321 rusumli samolyot bortida 231 kishi – 224 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisadan keyin uchuvchilar samolyotni uchirishni bekor qilishga qaror qilgan.
Internetda ekipaj va dispetcherlar o‘rtasidagi muzokaralar yozuvi ham tarqalgan.
“Dispetcher, Frontier 4345, biz uchish-qo‘nish yo‘lagida to‘xtayapmiz. Em... biz hozir kimnidir urib yubordik... dvigatelimiz yondi”, degan uchuvchi dispetcherga.
Keyinroq ekipaj qo‘mondoni samolyot ichida tutun paydo bo‘lganini va zudlik bilan evakuatsiya zarurligini ma’lum qilgan.
Yo‘lovchilar uchish-qo‘nish yo‘lagidayoq havo bilan to‘ldiriladigan traplar orqali evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng ular favqulodda xizmat avtobuslarida terminalga olib ketilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir nafar yo‘lovchi yengil jarohat olgan. Samolyotda bo‘lgan barcha insonlar tibbiy ko‘rikka yuborilgan.
Aeroport xodimlari esa inson qanday qilib uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib qolganini aniqlash uchun aerodrom atrofidagi to‘siqlarni tekshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Los-Anjeles shahrida kichik samolyot parvoz paytida elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketishi oqibatida qulab tushgandi.
Live
Barchasi