AQSHda ichida sayyohlar bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi. Qurbonlar bor

Olam

image

AQSHning Nyu-York shahriga qarab ketayotgan sayyohlar avtobusi halokatga uchrab, besh kishi halok bo‘ldi va o‘nlab odamlar jarohat oldi. Bu haqda mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga tayanib, “New York Post” xabar berdi.

Voqea 22 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da Intersteyt sharqiy avtomagistralida, Nyu-York shtatining Pembruk shahri yaqinida yuz bergan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, avtobusda 51 yo‘lovchi bo‘lgan. Avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning ajratuvchi chizig‘idan chiqib ketgan, keyin esa keskin burilish qilgan va oqibatda ariqqa tushib ketgan. Nashr avtobusda 52 yo‘lovchi bo‘lganini bildirgan. Ayrim yo‘lovchilar avtobus oynalaridan o‘zlarini tashlagan.

Avariya oqibatida ag‘darilgan avtobus ostida 20 dan ortiq yo‘lovchi qolib ketgan. Oradan biroz vaqt o‘tib, besh kishining halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida bir bola ham bor. Jarohatlanganlar vertolyot yordamida hodisa joyidan Buffalo shahri atrofidagi shifoxonalarga olib ketilgan.

Avtobus haydovchisi tirik qolgan, u hozirda nima sababdan boshqaruvni yo‘qotgani aniqlanishi uchun so‘roq qilinmoqda. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, avtobusdagi ko‘plab yo‘lovchilar ingliz tilida yaxshi gapira olmagan, ular orasida Xitoy va Filippindan kelgan sayyohlar ham bo‘lgan. Shu sababli politsiya hodisani tergov qilish jarayonida tarjimonlardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi yuz bergan magistralning bu qismi avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun vaqtincha yopib qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Shimoliy Marmara avtomobil yo‘lida yo‘lovchi avtobusi ag‘darilib ketishi oqibatda 4 kishi halok bo‘lgandi, 26 kishi jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh N'yu-York

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing