AQSHda favqulodda holat sabab 40 minglab odam evakuatsiya qilindi
Olam
−
09:54 2719 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtatida kimyoviy modda saqlanayotgan sisterna bilan bog‘liq xavfli holat sabab 40 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21 may kuni Orinj okrugining Garden Grov hududidagi korxonalardan birida plastik ishlab chiqarishda qo‘llanadigan metil metakrilat moddasi saqlangan sisterna qizib ketgan. Aytilishicha, sisterna ichida taxminan 6-7 ming gallon tez alangalanadigan va zaharli kimyoviy modda mavjud.
Orinj okrugi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi hodisadan so‘ng Garden Grov va unga tutash hududlarda evakuatsiya e’lon qilgan. Keyinchalik xavf hududi yana kengaytirilgan.
Rasmiylarga ko‘ra, korxonadagi uchta sisternadan birining sovitish tizimi ishdan chiqqan. Yong‘in xavfsizligi xizmati rahbari Kreyg Kovi vaziyat “misli ko‘rilmagan darajada xavfli” ekanini bildirgan.
“Sisterna ikki xil yo‘l bilan ishdan chiqishi mumkin: yoki zaharli kimyoviy modda tashqariga sizib chiqadi, yoki portlash yuz beradi”, degan u.
Ma’lum qilinishicha, maxsus xavfli moddalar guruhi hozirda sisterna ichidagi bosimni kamaytirish va portlash xavfini oldini olish ustida ishlamoqda. Hududda havo sifati ham nazoratga olingan. Hozircha jarohatlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyaning Parij shahri shimolidagi Kolombo hududida Ikkinchi jahon urushidan qolgan bomba topilishi sabab minglab aholi evakuatsiya qilingani xabar berilgandi. Bomba qurilish ishlari vaqtida aniqlangan bo‘lib, uni zararsizlantirishga qilingan urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Shundan so‘ng portlovchi qurilma nazorat ostida portlatib yo‘q qilingandi.
Live
Barchasi