AQSHda COVID-19 qurbonlari mamlakatning II Jahon urushidagi yo‘qotishlaridan oshib ketdi

Olam

image

Pandemiya boshlanganidan buyon Qo‘shma Shtatlarda 299 692 kishi COVID-19 qurboniga aylandi. Bu mamlakatning Ikkinchi Jahon urushi paytidagi jangovar yo‘qotishlaridan ham ko‘proqdir, deb xabar beradi “Business Insider”.

AQSH Faxriylar ishlari vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, urush yillaridagi yo‘qotishlar ichida halok bo‘lganlar soni 291 557 kishini tashkil etgan, yana 113 842 nafari janglardan tashqarida halok bo‘lgan.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi direktori Robert Redfild yaqin ikki-uch oy ichida koronavirus yuqtirganlar sonining ko‘payishi haqida ogohlantirdi. Chorshanba kuni Qo‘shma Shtatlar koronavirus infeksiyasidan o‘lganlar soni bo‘yicha yangi kunlik rekord o‘rnatdi (3054 kishi). Taqqoslash uchun, 11 sentyabr voqealari oqibatida taxminan 2,9 ming kishi, Perl-Xarborga qilingan hujum paytida 2,4 ming kishi halok bo‘lgan.

Oziq-ovqat va dori-darmonlarni boshqarish agentligi mutaxassislari Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan COVID-19 vaksinasini tasdiqlashni tavsiya qildilar. 

Pfizer’ning ma’lum qilishicha, emlash barcha guruhlarda – odamlarning yoshi, jinsi va irqidan qat’iy nazar yuqori darajada samara ko‘rsatgan. Dori-darmonlarni sinovdan o‘tkazishning yakuniy bosqichida uning samaradorlik darajasi 90 dan 95% gacha oshirilgan.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda AQSH koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatda 16 million 39 393 kishi koronavirus bilan kasallangan bo‘lsa, shulardan 9 million 290 834 nafari butunlay sog‘aygan. Koronavirus oqibatida 299 692 kishi vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda koronavirusdan vafot etganlar soni mamlakatning Birinchi jahon urushi vaqtidagi yo‘qotishlaridan oshib ketgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing