AQSHda 300 dan ortiq janubiy koreyalik migrant ushlandi
Olam
−
06 Sentabr 3807 2 daqiqa
Kecha, 5 sentyabr kuni AQSHning Jorjiya shtatida joylashgan Hyundai elektromobil akkumulyatorlari ishlab chiqarish zavodida Migratsiya xizmati tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida 300 dan ortiq Janubiy Koreya fuqarolari qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 6 sentyabr kuni Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
AQSH Ichki xavfsizlik departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, reyd davomida jami 475 nafar xorijlik ushlangan. Ularning asosiy qismi Janubiy Koreya fuqarolari bo‘lib, ushbu reyd oxirgi 20 yil ichida eng yirik operatsiya bo‘lgan.
CNN telekanaliga ko‘ra, kompaniya vakillari qo‘lga olinganlarning hech biri Hyundai’ning bevosita xodimi emasligini ta’kidlagan.
“Hyundai kompaniyasi o‘zi faoliyat yuritayotgan barcha bozorlarda qonun va tartib-qoidalarga qat’iy rioya qiladi. Bu mehnatga qabul qilish jarayonida xodimlarni tekshirish talablari va immigratsiya qonunlariga amal qilishni ham o‘z ichiga oladi”, deya bayonot bergan kompaniya.
Janubiy Koreya hukumati esa bu operatsiya chog‘ida, asosan, o‘z fuqarolari nishonga olinganidan “jiddiy xavotir va afsus” bildirgan.
Shu paytgacha AQSHda migrantlarga qarshi ko‘plab reydlar o‘tkazilgan, biroq Janubiy Koreya fuqarolari ilgari boshqa mamlakat vakillari bilan solishtirganda kamroq qo‘lga olinardi.
AQSH immigratsiya va bojxona politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 30 sentyabrdan 2024 yil 30 sentyabrgacha bo‘lgan 12 oy ichida atigi 46 nafar Janubiy Koreya fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilingan. Shu davrda turli millatlardan 270 mingdan ortiq chet ellik mamlakatdan chiqarib yuborilgan.
Qayd etish joiz, Tramp prezidentlikka qaytishi bilanoq migrantlar masalasiga alohida e’tibor qaratdi. U Amerikada katta "tozalash" o‘tkazib kelmoqda. Tramp mamlakatdagi noqonuniy migrantlarga qarshi kurashni boshlagach, ularning soni deyarli bir millionga kamaygani buning yaqqol isbotidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati 30 nafardan 60 nafargacha Rossiya fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborgandi. Deportatsiya qilinganlar orasida siyosiy boshpana so‘ragan va Rossiyada qochqinlikda ayblanayotgan sobiq harbiy ham bo‘lgan. Ular AQSHdagi immigratsion qamoqxonalarda saqlanib, sudlarda yutqazgan yoki ixtiyoriy ravishda vatanga qaytishni tanlagan shaxslar ekani bildirilgan.
Live
Barchasi