AQSH Yevropaga gaz yetkazib berish uchun shart qo‘ydi
Olam
−
25 iyun 1968 2 daqiqa
AQSH Yevropa Ittifoqini metan chiqindilari bo‘yicha qoidalarni yumshatishga chaqirdi. Aks holda, Vashington Yevropa mamlakatlariga suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda AQSH Energetika vaziri Kristofer Rayt bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, metan bo‘yicha amaldagi qoidalar jiddiy isloh qilinmasa, Yevropa uchun keraksiz muammolar yuzaga keladi.
“Bu eskalatsiya haqida emas. Bizning energiyamiz baribir yetkazib beriladi. Faqat u Yevropaga emas, boshqa joylarga yo‘naltiriladi”, degan Rayt Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan konferensiya doirasida.
“Bloomberg”ning yozishicha, Yevropa Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha komissari Dan Yorgensen AQSH va boshqa gaz eksport qiluvchi davlatlar bosimiga qaramasdan, metan bo‘yicha qoidalarni qayta ko‘rib chiqish niyati yo‘qligini bildirgan.
Vashington esa murakkab tartib-qoidalar va katta jarimalar xavfi gaz savdosiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirgan. Yevropa Ittifoqi energetika vazirlari ushbu masalani Lyuksemburgda muhokama qilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Yevropa Ittifoqi 2022 yilda Rossiya gazidan voz kechganidan so‘ng AQSH gaziga tobora ko‘proq bog‘lanib qolgan. Shu bilan birga, metan chiqindilarini qisqartirish Ittifoqning asosiy iqlim maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi qoidalar neft, gaz va ko‘mir kompaniyalarini metan chiqindilarini o‘lchash, nazorat qilish va tekshirishga majbur qiladi. Shuningdek, gazni rejali yoqib yuborish va atmosferaga chiqarish taqiqlanadi, muntazam ravishda sizib chiqish holatlari tekshirilib, ularni bartaraf etish talab qilinadi.
Xalqaro bozorlar uchun metan shaffofligi platformasi, sun’iy yo‘ldosh monitoringi hamda tezkor ogohlantirish tizimi yaratiladi.
2027 yildan boshlab Yevropa Ittifoqida yangi import shartnomalari faqat eksport qiluvchilar ham YeI ishlab chiqaruvchilari kabi hisobot standartlariga rioya qilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin. 2030 yildan esa metan intensivligi bo‘yicha cheklovlar joriy etiladi. Qoidalarni buzganlarga jarimalar qo‘llanadi, ammo import to‘liq taqiqlanmaydi.
Ma’lumot uchun, “Politico” nashri joriy yil yanvar oyida Yevropa o‘z gazining qariyb chorak qismini AQSHdan import qilayotganini yozgan edi. Rossiya gaziga to‘liq taqiq joriy etilgach, bu ko‘rsatkich yanada oshishi mumkin.
Fevral oyida Yevropa Ittifoqida Rossiya gazi importini to‘liq taqiqlash haqidagi qaror kuchga kirgan. Unga ko‘ra, Rossiyadan gaz importi 2027 yil 1 yanvardan, quvur orqali yetkazib beriladigan gaz importi esa 2027 yil 30 sentyabrdan butunlay to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, 18 iyun kuni Yevropa Ittifoqi yetakchilari Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiyaga qarshi sektorli sanksiyalarni avvalgi kabi 6 oy emas, balki bir yil muddatga uzaytirishga kelishib olgandi.
Live
Barchasi