AQSH Yaponiyani, Rossiya esa Xitoyni qo‘llab-quvvatlamoqda

Olam

image

6 dekabr kuni Xitoy va Yaponiya o‘rtasida yuz bergan aviaharakat ortidan ikki yirik davlat – AQSH va Rossiya o‘z pozitsiyalarini keskin va oshkora namoyish qila boshladi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 6 dekabr kuni Xitoyning qiruvchi samolyotlari yapon harbiy samolyotlarini radar bilan nishonga oldi. Bu Sharqiy Osiyoda so‘nggi yillardagi eng keskin harbiy to‘qnashuvlardan biri sifatida qayd etildi. Tokio buni “xavfli va beqarorlashtiruvchi qadam” deb baholadi. Xitoy esa, aksincha, yapon samolyotlarini Xitoy aviatashuvchisining mashg‘ulotlariga xalal berganlikda aybladi.

Ziddiyat fonida Rossiyaning ikki Tu-95 strategik bombardimonchi samolyoti Xitoyning H-6 samolyotlari bilan birga Yapon dengizidan Sharqiy Xitoy dengizi tomon parvoz qilib, Tinch okeani uzra “uzoq masofali qo‘shma parvoz”ni amalga oshirdi.

Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning to‘rtta J-16 qiruvchi samolyoti ham ushbu bombardimonchilarni kuzatib bordi. Bundan tashqari, Yapon dengizida Rossiyaning A-50 ogohlantiruvchi samolyoti va ikki Su-30 qiruvchisi aniqlangan.

Yaponiya mudofaa vaziri Shinjiro Koidzumi X (sobiq Twitter)da Rossiya va Xitoyning bunday operatsiyalarini Yaponiyaga nisbatan kuch namoyishi, milliy xavfsizlik uchun esa jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.

Janubiy Koreya harbiylari ham shu kuni Rossiyaning yetti va Xitoyning ikki samolyoti ularning havo hujumidan mudofaa zonasiga kirganini tasdiqladi.

Xitoy va Rossiyaning qo‘shma amaliyotidan so‘ng, Tokio o‘z qiruvchilarini havoga ko‘tardi va havo mudofaasi bo‘yicha favqulodda choralar ko‘rdi.

AQSH Yaponiyani qo‘llab-quvvatladi

AQSH Davlat departamenti Xitoyning yapon samolyotlarini radar bilan nishonga olgan harakatlarini keskin qoraladi. AQSH Yaponiya bilan harbiy-ittifoqchilik aloqalari “har qachongidan mustahkam” ekanini bildirdi. Tokio esa bu qo‘llab-quvvatlovni mamnuniyat bilan qabul qildi.

Tayvan prezidenti Lay Ching-te Pekinning harbiy mashg‘ulotlarini “juda noo‘rin xatti-harakat” deb baholab, Xitoyni mintaqada tinchlikka mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

“Biz Xitoyni yirik davlat sifatida mas’uliyatli bo‘lishga chaqiramiz. Tinchlik bebahodir; urushda hech kim g‘olib bo‘lmaydi. Tinchlikni barcha tomonlar ta’minlashi kerak va Xitoy bu mas’uliyatni baham ko‘rishi lozim”, dedi u.

AQSHning Yaponiyadagi elchisi Jorj Glass ham diplomatik mojaro boshlanganidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor Yaponiyani ochiq qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Xitoy fuqarolari uchun vizani bekor qilgani haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Xitoy qiruvchi samolyot Yaponiya Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing