Rossiya Xitoy va Saudiya fuqarolari uchun vizani bekor qildi
Olam
−
02 dekabr 2025 3898 2 daqiqa
Kecha, 1 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoy va Saudiya Arabistoni bilan o‘zaro vizasiz rejimni joriy qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1 dekabr kuni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Faysal Al Farxon Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Saudiya biznes forumida har ikki davlat pasporti egalari uchun vizani bekor qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvni imzolagan.
Novakning aytishicha, vizasiz rejimni kuchga kiritish uchun nota almashish va huquqiy tartib-taomillar yakunlanishi kerak.
“Menimcha, bu kelasi yil boshida amalda kuchga kiradi”, dedi u “Rossiya 24” telekanalida.
Ayni paytda Rossiya fuqarolari Saudiya Arabistoni vizasini onlayn tarzda yoki mamlakatga yetib kelgach, aeroportda olishlari mumkin. Bu viza ularga yiliga 90 kungacha mamlakatda qolish huquqini beradi.
Shu kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etish haqidagi farmonni ham imzoladi.
“2026 yil 14 sentyabrgacha va shu jumladan, o‘zaro munosabatlar tamoyilini inobatga olgan holda, Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari Rossiyaga kirish va Rossiyada mehmon yoki xizmat safari, sayyoh sifatida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda qolish, ilmiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va sport tadbirlarida qatnashish huquqiga ega”, deyiladi hujjatda.
Biroq o‘qish, ishlash yoki jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanishni rejalashtirayotgan Xitoy fuqarolari uchun viza talabi saqlanib qoladi.
Shuningdek, Xitoydan Rossiya orqali tranzit o‘tayotgan yo‘lovchilar ham vizadan ozod etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 2 sentyabr kuni Xitoy hukumati Rossiya fuqarolari uchun bir yil sinov muddati bilan mamlakatda 30 kunlik vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi farmon chiqargandi.
Live
Barchasi