AQSH va Yaponiya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni kuchaytiradi
Olam
−
29 Oktabr 2025 1251 1 daqiqa
Yaponiya va AQSH qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni kuchaytirishga kelishib oldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi amerikalik hamkasbi Pit Hegset bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Tokio va Vashingtonning mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirish va qo‘shma mashg‘ulotlarni kuchaytirishga kelishib olgan. Shuningdek, ular ikki tomonlama va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, jumladan, qo‘mondonlik va nazorat tizimini takomillashtirishni ham muhokama qilgan.
“Dunyodagi eng buyuk ittifoq bo‘lgan Yaponiya-AQSH ittifoqini mustahkamlash, avvalo, o‘zaro qo‘mondonlik tuzilmasini takomillashtirish, Hind va Tinch okeani mintaqasida birgalikdagi ishtirokimizni oshirish va mashg‘ulotlarni kuchaytirishni talab qiladi”, degan Koidzumi.
Uning bildirishicha, Yaponiya va AQSH Qurolli kuchlari birgalikda amalga oshiradigan harbiy mashg‘ulotlar Yaponiya-AQSH ittifoqining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaga borgan AQSH Prezidenti Donald Tramp Yokosuka harbiy-dengiz bazasida joylashgan USS George Washington atom avianosetsida xizmat qilayotgan harbiylar oldida raqsga tushgani haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi