AQSH va Saudiya o‘rtasidagi yadroviy kelishuv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, AQSH va Saudiya Arabistoni ikkala mamlakatda tinchlik maqsadlaridagi yadro energetikasini rivojlantirishga imkon beruvchi tarixiy hamkorlik bitimini imzolagani haqida xabar berilgandi. Ushbu kelishuv tafsilotlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AQSH Energetika vazirligining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Energetika vaziri Kris Rayt va Saudiya Arabistoni Energetika vaziri shahzoda Abdul-Aziz bin Salmon Oli Saud “123-bitim” nomi bilan keng tanilgan tinchlik maqsadlarida yadroviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni hamda unga hamroh bo‘lgan kafolatlar bo‘yicha ikki tomonlama bitimni imzolagan.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu ikkala bitim birgalikda yadro qurolini tarqatmaslikni o‘z ichiga olgan bir qator ustuvor iqtisodiy va strategik maqsadlarga erishishga xizmat qiladigan ko‘p yillik va ko‘p milliard dollarlik sheriklik uchun huquqiy poydevor yaratadi.

“123-bitim” Amerika kompaniyalariga Saudiyaning yadro energetikasi dasturiga keng yo‘l ochadi. Bu Amerika sanoati, xodimlari va ta’minot zanjirlariga foyda keltiradi, shuningdek, Saudiya Arabistonining energetik ehtiyojlarini qondirishga yordam beradi.

“Shu bilan birga, ikkala bitim ham yadroviy xavfsizlik, himoya va tarqatmaslikning yuqori standartlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Qo‘shma Shtatlarning fuqarolik yadroviy texnologiyalari sohasidagi raqobatbardosh ustunligini mustahkamlash orqali AQSH va mintaqa xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi AQSH Energetika vazirligi xabarida.

Vazirlik ushbu bitimlar dunyodagi eng yaxshi yadroviy texnologiyalar va olimlarga tayangan holda yadroviy xavfsizlik va tarqatmaslikning eng yuqori standartlarini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirgan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, ushbu sheriklik quyidagilarga imkon beradi:

  • Amerika yadroviy texnologiyalari eksportini kengaytirish;
  • AQSHda yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash;
  • Amerikaning energetik va milliy xavfsizligini mustahkamlash;
  • Global tarqatmaslik standartlarini mustahkamlash;
  • Qo‘shma Shtatlar va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish.
  • Keyingi bosqichda bitim ko‘rib chiqish uchun Kongressga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan yadroviy bitimni ma’qullagani haqida xabar berilgan edi. U yaqin 30 yilga mo‘ljallangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing